Bugun, 11 yanvar kuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qirg`iz Respublikasining saylangan Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Axborot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Sadir Japarovni bo`lib o`tgan Prezident saylovidagi ishonchli g`alabasi hamda Qirg`iziston Konstitusiyasiga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha referendumning muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan chin dildan tabrikladi.
Ushbu g`oyatda muhim siyosiy tadbirlarning yakunlari mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta`minlash, aholi farovonligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.
O`z navbatida, Sadir Japarov O`zbekiston Prezidenti va ko`p millatli xalqiga zamonaviy xatarlarni engib o`tishda va koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashishda qardosh Qirg`izistonga ko`rsatilayotgan ko`mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Telefon muloqoti chog`ida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Joriy yil O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish davri bo`lishi lozimligi qayd etildi.
O`zbekiston-Qirg`iziston ko`p qirrali hamkorligini rivojlantirish borasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani alohida ta`kidlandi.
Bular, avvalo, Davlat chegaralarini delimitasiya qilish borasidagi qo`shma ishlarning natijadorligini oshirish, tovar ayirboshlashni ko`paytirish, sanoat, energetika va qishloq xo`jaligida kooperasiyani kuchaytirish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish, samarali transport kommunikasiyalarini rivojlantirish bo`yicha mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari va boshqa jihatlar.
Hukumatlararo komissiyalar ishini faollashtirish, shuningdek, hamkorlikning muhim yo`nalishlari bo`yicha qator tadbirlar o`tkazishga kelishib olindi.
Xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasida aniq va konstruktiv muloqotni davom ettirish va o`zaro qo`llab-quvvatlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta`kidlandi.
Suhbat ochiq va do`stona ruhda o`tdi.