AsosiySiyosat

Prezidentga ma`lumotlar berildi: 2021 yilda 120 trillion so`m miqdoridagi yirik investisiya loyihalari moliyalashtiriladi

'Prezidentga ma`lumotlar berildi: 2021 yilda 120 trillion so`m miqdoridagi yirik investisiya loyihalari moliyalashtiriladi'ning rasmi

Kuni kecha, Prezident Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatida bo`lib, u erdan qaytib kelgach, investisiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 

Dastlab, 2021 yilda tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan yirik investisiya loyihalari to`g`risida ma`lumot berildi.

Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda eksportbop va import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga katta e`tibor qaratilmoqda. Xususan, tijorat banklari tomonidan 2021 yilda 120 trillion so`m miqdoridagi yirik investisiya loyihalarini moliyalashtirish ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, qurilish materiallari, engil sanoat, qishloq xo`jaligi, neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda qiymati qariyb 1 milliard dollar bo`lgan 14 ta yirik investisiya loyihasi ishlab chiqilgan.

Masalan, Sirdaryo shahrida faoliyat yuritayotgan polietilen qop va engil konteynerlar ishlab chiqarish korxonasida 2 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Buning davomi sifatida, O`zsanoatqurilishbank tomonidan “spanbond-meltblaun” noto`qima matolarini ishlab chiqarishga qaratilgan 94 million dollarlik loyiha rejalashtirilgan.

Umuman aytganda, yangi loyihalar samarasida maxsus texnikalar, polimetall mahsulotlar, geosintetik materiallar, mineral paxta asosida qurilish plitalari, quvur, oyna va boshqa mahsulotlar tayyorlashni yo`lga qo`yish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda kichik sanoat zonalarini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, oqilona joylashtirish, sanoat infratuzilmasini yaxshilash, klaster va texnoparklar tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoevga, shuningdek, poytaxtimizda investisiya loyihalari amalga oshirilishi borasida ma`lumot berildi. Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan 2020 yilda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobiga 3,7 milliard dollar investisiya o`zlashtirilgani qayd etildi. Qiymati 11 trillion so`mdan ziyod 306 ta loyiha foydalanishga topshirilib, qariyb 13 mingta yangi ish o`rni yaratilgan.

Misol uchun, Bektemir tumanidagi “DSK Binokor” mas`uliyati cheklangan jamiyat 504 milliard so`mlik investisiya hisobiga temir-beton mahsulotlar, Sergeli tumanidagi “Bek Mega Textile” korxonasi 119 milliard so`mlik investisiya evaziga to`qimachilik tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etgan.

Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida 2021-2023 yillar uchun qiymati 109 trillion so`mdan ziyod 1 ming 277 ta investisiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan qariyb 4,9 milliard dollari xorijiy investisiya va kreditlarga to`g`ri kelishi kutilmoqda. Bu sa`y-harakatlar 86 mingga yaqin ish o`rni tashkil etish imkonini beradi.

Joriy yilda mazkur loyihalar doirasida barcha manbalar hisobidan 4,1 milliard dollar investisiya o`zlashtirilishi belgilangan. 454 ta loyihani ishga tushirib, qariyb 29 ming kishini ish bilan ta`minlash maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalarni belgilangan muddatlarda va sifatli, zamon talablariga mos ravishda amalga oshirish bo`yicha qator topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar