Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
Rus hukumatining ashaddiy muxolifi Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytmasidan oldin o`zining qamoqqa olinishini taxmin qilgan. Uning sheriklari ushbu holat yuz bergan taqdirda Navalniyni ozod qilish uchun namoyishlar uyushtirishni oldindan rejalashtirishgan. Bu haqda Navalniyning yaqin tarafdorlaridan biri Leonid Volkov ma`lum qildi.
Prezident Vladimir Putinning eng mashhur tanqidchisi bo`lgan Aleksey Navalniy 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi. Shundan keyin u zudlik bilan hibsga olindi va ayni paytda Moskvadagi qamoqxonada saqlanmoqda. Unga to`rtta holat bo`yicha jinoyat ishi ochilgan.
44 yoshli Navalniy o`zining zaharlanishida Putinning qo`li borligini da`vo qilmoqda. Ammo, Vladimir Vladimirovich ushbu ayblovni rad etib, Navalniy AQSh tomonidan amalga oshirilayotgan xiylaning bir qismi ekanini ta`kidlagan.
Navalniyning ittifoqchilari 23 yanvar shanbadan boshlab butun mamlakat bo`ylab norozilik namoyishlarini boshlashmoqchi. Ular rus hukumatidan Navalniyni ozod etishni talab qilishadi.
Navalniyning yaqin ittifoqchisi Leonid Volkovning Reuters agentligiga bergan ma`lumotlarida aytilishicha, hukumat muxolifatchilari namoyish uyushtirish bilan birga Putin va uning sheriklari qilgan jinoyatlarni fosh etuvchi videotasvirlarni e`lon qilishni ham rejalashtirishmoqda.
Navalniyning jamoasi 19 yanvar kuni ham Putinning o`zi uchun qurdirgan shohona saroyi haqida videoni e`lon qilishgandi. Mazkur video hozirgacha internet orqali 53 million marta tomosha qilingan.
«Biz Kremlning ommaviy namoyishlardan qo`rqishini bilamiz. Agar namoyishlar etarlicha kuchli bo`lsa, hukumat u yoki bu tomonga yon bosishga majbur bo`ladi” deydi Volkov.
Kremlga yaqin bo`lgan ikki manbaning ta`kidlashicha, Navalniy amaldagi hukumat uchun tahdidga aylanmoqda. Shuning uchun uni qo`llab-quvvatlash uchun norozilik namoyishlari uzoq davom etsa ham, Navalniy qamoqdan chiqarilmasligi mumkin.