AsosiyJamiyat

«Britancha» shtammni aniqlash shu darajalik qiyin jarayonmi, nega uni aniqlash uchun besh kun vaqt sarflandi? Nurmat Otabekov javob berdi

'«Britancha» shtammni aniqlash shu darajalik qiyin jarayonmi, nega uni aniqlash uchun besh kun vaqt sarflandi? Nurmat Otabekov javob berdi'ning rasmi

AOKAdagi brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Nurmat Otabekov koronavirusning O`zbekistonga kirib kelgan yangi shtammi to`g`risidagi savollarga javob berdi:

“Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi tomonidan “Britancha” shtammni genetik aniqlash jarayoniga taxminan 5 kun vaqt sarflandi. Bu jarayon ancha murakkab hisoblanib, har bir bosqichini alohida nazorat qilish talab etiladi. 

Shu kungacha markaz tomonidan “Britancha” shtamm mavjudligi ehtimoli bo`lgan COVID-19 virusi aniqlangan 33 nafar bemorning burun bo`shlig`idan olingan surtmalar tekshirildi. 

Birinchi bosqichda — barcha taqdim etilgan namunalarning koronavirus RNKsi DNK shaklga o`tkazildi. Sababi, virus RNK shaklda bo`lib, u bilan ishlash uchun uni avval DNK shaklga o`tkazish talab etiladi.

Ikkinchi bosqich Real Taym PSR reaksiyasi yordamida “Britancha” shtammning marker mutasiyasi skriningi o`tkazildi. Bu usul ham markaz olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, ilk bor real bemorlar tahlilida qo`llanildi.

Bu usulni optimallashtirishga to`g`ri kelgan bo`lib, bir qator takror tajribalar o`tkazish orqali, xatoga yo`l qo`ymaslik uchun zamin yaratilgan. Aynan mana shu bosqichda biz shubhali namunani aniqladik, ammo mazkur namunada “Britancha” shtammga xos bo`lgan qator boshqa mutasiyalar ham mavjud ekaniga ishonch hosil qilish kerak edi.

So`ngra namunani sekvenlashga (genlarning DNK ketma-ketligini aniqlashga) tayyorlandi. Buning uchun koronavirus genomi uchastkalari sun`iy sharoitda ko`paytirilib, tozalanadi. Bu eng qiyin jarayon hisoblanib, bir qator reaksiyalar qo`lda amalga oshirilishiga to`g`ri kelgan. Keyin esa DNKning qayta ishlangan va tayyorlangan bo`laklari apparatga — sekvenatorga joylanib, bevosita genetik tahlili qilingan.

Uchinchi bosqich — so`nggisi hisoblanib, unda olingan natijalar kompyuterda qayta ishlandi, xalqaro ma`lumotlar bazasidagi genetik ketma-ketliklar bilan solishtirildi. “Britancha” shtammga xos qator mutasiyalar mavjudligi tasdiqlanganidan keyingina ma`lumotlar Sog`liqni saqlash vazirligiga taqdim etildi”.

Boshqa yangiliklar