Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o`zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi doirasida navbatdagi sayohat uyushtirildi. Qariyb bir haftadan beri bo`lib o`tayotgan tur Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va turizm bo`limi tomonidan ajoyib nazorat ostida olib borilmoqda. Pandemiya davri, karantin tartib-qoidalari inobatga olingan tarzda tashkil etilgan sayohatning esda qolarli manzillaridan biri butun dunyo sayyohlarining sevimli maskani Antaliyada bo`ldi.
Eski shahar, mevali bog`lar yoki "Gladiator" qahramoniga aylanish siri
Antaliya — tarix va zamonaviylik uyg`unlashgan shahar. Uning bir tomoni dunyodagi eng rivojlangan shahar ko`rinishini bersa, boshqa bir go`shasi esa sizni beixtiyor tarixga qaytaradi. Ana shunday tarixiy maskanlardan biri Turkiyaning janubiy qismida, Antaliyadan 35 km uzoqlikda joylashgan qadimiy Aspendos shahri. Tarixda Aspendosning yaratilishi bilan bog`liq afsonalar mavjud: shaharga Troya urushidan keyin folbin Mops yoki Polipet tomonidan asos solingani hikoya qilinadi. Shahar dengiz qirg`og`idan 16 km uzoqlikda qurilgan. O`z davrida shahar forslar, undan so`ng Makedonskiy tomonidan boshqarilgan. Miloddan avvalgi II asrda rimliklar qo`liga o`tgan shahar o`zining eng yuqori cho`qqisiga chiqadi va Pamfiliyaning 3 ta yirik shaharlari qatoriga kiradi.
Yaxshi iqlim va qulay joy shaharning jadal rivojlanishiga va uning eng yirik savdo markazlaridan biriga aylanishiga yordam bergan. Daryo bo`yida port tashkil etilgan va yaqin atrofda zaytun bog`lari va uzumzorlar barpo etilgan. Hozir ham shaharga tashrif buyurar ekansiz, o`zingizni qadimgi dunyoga tushib qolgandek his qilish bilan birga daraxtlarda shig`il bo`lib, pishib yotgan mandarin, apelsin va limonlari bor bepayon jannatmakon bog`da yurgandek his qilasiz. Buni esa O`zbekistonda yoz mavsumida olcha, o`rik, olxo`ri va olmalarning g`arq pishib, erga to`kilib yotishi ko`rinishiga qiyoslash mumkin.
Bizga hamrohlik qilgan gidning so`zlariga ko`ra, Vizantiya imperiyasi davrida shahar xarobaga aylangan. XIII asrning boshlarida shahar Saljuqiylar tomonidan zabt etilgan va keyinchalik buzilib ketgan va oxir-oqibat o`z faoliyatini to`xtatgan. Bugun bu erda o`sha davr bilan bog`liq har bir tosh va har bir ko`rinish o`z holida saqlab qolingan. Bu esa nafaqat Turkiya tarixi bilan bog`liq, qolaversa, dunyo tarixining bir qismi hisoblanadi.
Aspendos teatri kuyovlar bellashuvi mahsulimi?
Aspendosning diqqatga sazovor joylaridan biri bu yaxshi saqlanib qolgan Rim teatri. Teatrga kirishingiz bilan siz o`zingizni barcha sevib tomosha qilgan "Spartak" yoki "Gladiator" filmlari sahnalariga tushib qolgandek his qilasiz.
Teatrning qurilishi bilan bog`liq ajoyib afsona bor ekan: shahar qirolining Belqiz degan juda chiroyli qiziga ikkita me`mor uylanishni orzu qiladi. Qirol shaharning eng muhtasham binosini tezda qurgan odamga qizini berishini ma`lum qiladi. Kuyovlar darhol ishga kirishadi: biri teatr, boshqasi suv o`tkazgich qurgan. Ikkala qurilish ham qirolga juda yoqadi va Belqisga ikkisi ham uylanishi mumkinligini taklif qiladi.
Suv o`tkazgichning yaratuvchisi ushbu taklifga rozi bo`ladi, ammo ikkinchi me`mor bunday kelishuvga rozi bo`lmay, sevgilisidan voz kechadi. Shunda qirol teatr yaratuvchisi qizini chindan sevishini tushunib, qizini unga beradi.
Ana shunday afsonalarga ega bir necha asrlik Aspendos teatri hozirgacha deyarli o`z xolida va o`ta mahobatli ko`rinishda saqlab qolingan. Shu o`rinda qo`shimcha qilish kerakki, gidning ma`lum qilishicha, bu butun dunyo atagani kabi amfiteatr emas, teatr ekan.
"Amfiteatr aylana shaklda bo`ladi, bu esa yarim aylana shaklda", deya izoh berdi Ilxanbey.
Har bir toshi saqlangan shahar
Odamni hayratga soladigan yana bir maskan — Antaliyaning bir qismi bo`lgan Aksu mintaqasining shimoliy-sharqiy qismida joylashgan qadimiy Perga shahar xarobalari. Ha, aynan xarobalar. Bu erda siz o`sha davr bino va shaharsozligidan qolgan bino, bino qismlari bilan bir qatorda shahar vayronalaridan qolgan oddiy toshlargacha uchratasiz. Ular ochiq muzey ko`rinishda ko`rinib turgan hozirgi Perganing noyob o`ziga xosligini va tarixga nisbatan cheksiz hurmatni aks etib turibdi.
Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, bu shahar Aspendos kabi o`z davrida ko`plab xalqlar tomonidan boshqarilgan va Rim davrida o`zining avj pallasiga etgan. Miloddan avvalgi I-II asrlarda Perga Kichik Osiyoning yirik shaharlaridan biri bo`lib, asosiy shahar unvoni uchun Side bilan raqobatlashgan.
Biz ko`zimiz bilan ko`rib turgan bugungi shahar qoldiqlari Perganing asosiy qismi bo`lmasligi mumkin. Chunki, 1946 yildan buyon hududda qidiruv-qazuv ishlari davom etmoqda, ammo shaharning katta qismi hanuzgacha er ostida ko`milgani aytiladi. Sayohatimiz davomida olingan ma`lumotlarimizga ko`ra, shahar afsonalarda aytilganidan ancha qadimgi. Bebaholigi va dunyo tarixining bir qismi ekani o`laroq, Perga 2009 yilda YuNESKOning Jahon merosi ob`ektlari qatoridan joy olgan.
Biz tarix bilan hayolan suhbatlashib, Antaliyaning zamonaviy, sayyohlar borishi mumkin bo`lgan eng go`zal go`shalari tomon yo`l oldik. U erdan olgan taasurotlarimiz sizni yangi dunyoga chorlaydi, shubhasiz. Bu esa endi alohida olam va alohida mavzu...
Mavzuga doir:
U shunchaki shahar emas... Yoxud dunyoni o`ziga rom etgan Istanbulning siri nimada? (fotoreportaj)
Istanbulni kashf etish qaerdan boshlanadi? (fotosayohat)
Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat er osti shahri qaerda? U erga borishga undovchi 5 sabab (foto)
Bir kunda to`rt fasl... Yoxud Kappadokiya bag`ridagi vodiylar afsonami yoki haqiqat? (fotosayohat)
Antaliya dunyo sayyohlarining sevimli maskani. Chunki... (fotosayohat)
Farida Egamberdieva, Turkiya-Antaliya
23.01.2023, 12:02
Turkiya o`zining go`zal tabiatiga qo`shimcha ravishda, mamlakatning mintaqaviy madaniyatlarining boyligi va xilma-xilligi bilan barqaror sayyohlik yo`nalishi sifatida ajralib turadi. Tugmali uylar, Turkiyadagi ko`plab go`zal an`anaviy...05.12.2022, 20:26
"O`zgidromet" bashorat qilganidek, O`zbekistonga qish 1 dekabrdan kirib keldi. Dam olish kunlari respublikada havo harorati keskin tushib, Nukusda -17 darajani, kuni kecha Navoiy viloyatida esa...27.07.2022, 10:44
Yaqinda Facebook ijtimoiy tarmog`ida rishtonlik yigitning Vetnamda yil o`qituvchisi bo`lgani haqida xushxabar tarqaldi. Tabiiyki, vatandoshimizni nafaqat tanigan, balki shaxsan tanimagan yuzlab odamlar tabriklashdi, havas qilishdi,...21.06.2022, 23:03
Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Ozarbayjon davlat turizm agentligi hamkorligida tashkil etilgan info-tur munosabati bilan bir guruh o`zbekistonlik jurnalistlar Ozarbayjonning madaniyati,...