1

Evroosiyo ittifoqidagi kuzatuvchilik maqomi O`zbekistonga qanday majburiyatlarni yuklaydi?

Siyosat 04.02.2021, 01:10
Evroosiyo ittifoqidagi kuzatuvchilik maqomi O`zbekistonga qanday majburiyatlarni yuklaydi?

Bu savolning javobi xalq orasida, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham qizg`in muhokamalarga sabab bo`lib, turlicha talqin qilinmoqda. Aslida-chi? Bu majburiyatlar nimalardan iborat? EOIIga ehtimoliy a`zolik sharoitida bojxona ma`murchiligidagi o`zgarishlar qanday va bu o`zgarishlarning ahamiyati nimalardan iborat? Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi boshqarma boshlig`i o`rinbosari 
M. Alixodjaev o`z mulohazalarini bildirdi.

MAJBURIYaTLAR

— 2020 yil 11 dekabrda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ishtirokidagi Evroosiyo iqtisodiy Oliy kengashining yig`ilishida O`zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu EOII to`g`risidagi Shartnomaga muvofiq kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo`lgan davlat o`zining doimiy vakilini Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi qarorgohiga yuboradi. Kuzatuvchi davlatning EOIIdagi vakillari ushbu tashkilot organlari yig`ilishlarida ishtirok etishi hamda mazkur organlar tomonidan qabul qilinadigan, maxfiy bo`lmagan hujjatlarni ko`rib chiqishi mumkin bo`ladi.

Ekspertning ta`kidlashicha, EOIIga kuzatuvchi bo`lgan mamlakatlar hamda a`zo mamlakatlar ushbu tashkilot manfaatlariga zid qaror qabul qilmasliklari kuzatuvchi davlatga yuklanadigan yagona majburiyat hisoblanadi. Kuzatuvchi davlat maqomi O`zbekiston Respublikasiga bundan boshqa majburiyatlarni yuklamaydi.

BOJXONA TARTIBIDA QANDAY O`ZGARIShLAR BO`LADI?

— O`z navbatida EOIIda kuzatuvchi davlat maqomi O`zbekiston Respublikasi uchun bojxona tartib-tamoyillarida o`zgarishlarga olib kelmaydi. So`ngi yillarda O`zbekiston Respublikasida Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan standartlari va tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementasiya qilish borasida ko`plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, insofli tadbirkorlarni rag`batlantirish, ular uchun ma`muriy to`siqlarni kamaytirish maqsadida sohada xavflarni boshqarish, vakolatli iqtisodiy operator, bojxona auditi, elektron bojxona rasmiylashtiruvi va “Yagona darcha” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanish keng yo`lga qo`yildi.

Bundan tashqari, 21 dekabrda O`zbekiston Respublikasi “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg`unlashtirish to`g`risidagi xalqaro konvensiyaga (Kioto, 1973 yil) qo`shilishi to`g`risida O`zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan Kioto konvensiyasining asosiy maqsadi bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg`unlashtirish orqali tashqi savdo sub`ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Mamlakatimizning ushbu Konvensiyaga qo`shilishi xalqaro reytinglarda O`zbekiston mavqeini oshishiga, iqtisodiyotga xorijiy investisiyalarni keng jalb qilishga hamda O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo`shilishiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Ushbu Konvensiya jahondagi davlatlar uchun norasmiy bojxona kodeksi hisoblanadi. Uning qoidalari bojxona tartibotlarini birxillashtirishga va oldindan bashorat qilish mumkinligiga qaratilgan. O`zbekiston Respublikasi va EOII bojxona kodekslari hamda ushbu ittifoqqa a`zo davlatlarning bojxona qonunchiligining asosiy normalari aynan Kioto konvensiyasi asosida ishlab chiqilgan.

O`zbekistonning EOIIdagi hozirgi maqomi esa ushbu tashkilotni ichkaridan o`rganib chiqish, shuningdek, hech qanaqa majburiyatlarni olmay turib, unga a`zolikning har bir soha va yo`nalishda keltirib chiqaradigan ijobiy va salbiy tomonlarini hisoblab chiqish imkonini beradi, deydi ekspertimiz.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirilishi va jahon bozoriga integrasiyalashuvi ishlab chiqarilayotgan tovarlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirish, eksport salohiyatini oshirish, xorijiy davlatlar orqali tovarlarni tranzit olib o`tilishida qulayliklar yaratilishiga olib keladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1