2022 yil o`rtalarida Toshkent shahrida vaqtincha ro`yxatda turib, IT kompaniyalaridan birida faoliyat yuritayotgan 2 nafar buxorolik yigit soxta haydovchilik guvohnomasini sotish rejacini tuzishgan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlarda muayyan narx evaziga haydovchilik guvohnomasi sotilishi haqida e`lonlar tarqatishgan. Bu haqida Jizzax viloyati IIBning ma`lumot berdi.
Firibgarlar har bitta kategoriya bo`yicha turli narxlar belgilashgan. Masalan, A,B,C kategoriya uchun 3,5 mln so`m, D, E uchun 4 mln so`m, ham D ham E uchun esa 5,5 mln so`m to`lanishi kerak bo`lgan.
Ular insonlarga o`zlarini IIO xodimlari sifatida tanishtirgan. Qilmishlari oshkor bo`lib qolmasligi uchun begona kimsadan bank plastik kartasini sotib olishgan. O`qimasdan osongina haydovchilik guvohnomasini olishni maqsad qilganlar esa ushbu kartalarga to`lovni amalga oshirgan.
Yigitlar chuv tushgan insonlarni ishontirish maqsadida fotoshop orqali yasalgan soxta guvohnomalar rasmini yuborgan va shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda "mana guvohnomani oldim" mazmunidagi videolar tarqatishgan. Bundan tashqari, ular Rossiyada yashovchi fuqaro bilan internet orqali bog`lanib, undan pul evaziga muayyan shaxsga tegishli fuqaroning haydovchilik guvohnomasi uskunadan chiqish jarayoni aks etgan video olishgan va bu videolarni ham reklama tariqasida tarqatishgan.
Qayd etilishicha, firibgarlikda gumonlanayotganlar o`z mijozlari bilan hech qachon ko`rishmagan. Onlayn muloqot chog`ida ham yuzlarini ko`rsatishmagan.
Firibgarlarga ishonib, puli havoga uchgan insonlarning birortasi bu haqida shikoyat qilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi e`lonlarni ko`rib qolgan IIO xodimlari tomonidan uyushgan jinoiy guruhni fosh etish chora-tadbirlari ko`rilib, dastlab Toshkent viloyati Angren shahri Karvon mahallasida yashovchi shaxs qo`lga olingan va gumonlanuvchidan Notebook, uyali aloqa vositalari, bank kartasi va 10 mln 800 ming so`m hujjatlashtirilib olingan.
Tezkor surishtiruvlar natijasida, jinoiy guruhning barcha a`zosi ushlangan. Qo`lga olinganlar orasida jinoiy guruh faoliyatini boshqargan ikki nafar buxorolik yigit, qalbaki haydovchilik guvohnomasining fotosuratlarini yasagan dasturchi va ijtimoiy tarmoqda guruhlarni tashkil qilgan 6 nafar shaxs bor.






