1

"Shunchalik ham bo`lishi mumkinmi?" Dunyo andoza olishi mumkin bo`lgan Turkiyada nimalar hayratlanarli?

Dunyo 04.02.2021, 23:20
Teglar: Turkiya, Kappadokiya, Antaliya, Istanbul
"Shunchalik ham bo`lishi mumkinmi?" Dunyo andoza olishi mumkin bo`lgan Turkiyada nimalar hayratlanarli?

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi doirasida navbatdagi sayohat uyushtirildi. Bir hafta davom etgan tur Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va turizm  bo‘limining shafeʼligi ostida olib borildi. Bugun safardan so‘ng, Turkiyada bizni hayratlantirgan, inchinun, havasimizni keltirgan ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 

Avvalo Turkiya haqida qisqacha: Turkiya Respublikasi G‘arbiy Osiyoda 97% va Janubiy Yevropada 3% i bo‘lgan davlatdir. Aholisi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 83 million kishini tashkil etadi va bu bilan aholi soni bo‘yicha dunyoda 19-o‘rinda turadi. Hududning maydoni esa 783 562 km²ni tashkil etib, hududi bo‘yicha esa 36-o‘rinni egallagan. Davlat tili - turk tili. 

Zamonaviy Turkiya 1923 yilda tashkil topgan. 1952 yildan beri NATO, 1999 yildan beri esa Yevropa Ittifoqining aʼzosi. Mamlakatda turizm yuksak darajada rivojlangan.

Xo‘sh, Turkiya bizni nimasi bilan o‘ziga rom etdi, yoxud biz nimalardan hayratlandik?

Tartib samolyot bortidan boshlanadi

Bu davlatga sayohat qilishni istasangiz, avvalo, o‘ta tartibli bo‘lishga harakat qiling. Sababi aeroportda, samolyotga chiqayotgan daqiqalarimizdanoq biz buni his qildik. Muloyim, yuzlari kulib turgan styuardessalar sizni ayni pandemiya sharoitida gegiyenik vositalar to‘plami bilan kutib oladi. Siz to manzilingizga yetib borguningizga qadar virusdan himoyalanish mumkin bo‘lgan niqobdan tortib, antiseptik gelgacha qurollanasiz. Ammo bu yetarli emas, har qadamda bortni aylanib yurgan xodimlar sizga maskangizni taqib olishingizni, agar sal pastroq tushib turgan bo‘lsa yuqoriroq ko‘tarib taqishingizni kulibgina eslatib turishadi. Mamlakat aeroportida lentalar orqali joriy qilingan ijtimoiy masofani saqlash usuli eʼtiborga molik. Siz borayotgan davlatingizdagi tartibni hali manzilingizga yetib bormasdanoq tushuna boshlaysiz.

Bir tor ko‘chaga siqqan tramvay, mashinalar va odamlar

Sayohatimizning ilk kuni, albatta, dunyoning eng qaynoq nuqtalaridan hisoblangan Istanbul markaziy ko‘chalarida bo‘ldi. Yorug‘ va rangbarang ko‘chalar, yirik savdo majmualarida siz o‘zingizga yoqqan narxlarda barcha narsalarni topishingiz mumkin, turli syurprizlar esa sayohatning ajralmas qismi bo‘lib qoladi. Bu ko‘cha Istanbulga tashrif buyurgan har bir odam kelishi shart bo‘lgan “Istiqlol” ko‘chasidir. Uning gavjumligi haqida ko‘p eshitgandirsiz. Ammo bizni hayratga solgan bir jihat borki, u haqda gapirmay iloji yo‘q: 3-4 metr kenglikda bo‘lgan bu ko‘chalardan bir paytning o‘zida ham piyoda, ham transportlar harakatlanadi. Shuningdek, tramvaylar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, hech qachon fuqarolarni chetga chiqishga undaydigan, quloqni qomatga keltiruvchi signallar, yo‘ldan o‘tib qolishga harakat qilayotgan fuqarolar yoki tramvay yo‘lini to‘sib qo‘ygan biror holatga duch kelmaysiz. Garchi, gavjum ko‘cha bo‘lsa-da, hammasi juda chiroyli va tartibli. 

Pandemi davri: belgilangan vaqtda do‘konlar “taqataq” yopiladi

Savdo-sotiq Turkiya turizmining bir qismi hisoblanadi. Turkiyaga borib savdo qilmaslik, daryoga borib suv ko‘rmaslik bilan barobar, go‘yo. Istanbul markaziy ko‘chalaridagi son-sanoqsiz savdo do‘konlari mahalliy aholi va boshqa davlatlardan kelganlar bilan doimiy gavjum. Biz ham dunyoning eng nomdor brend magazinlaridan tortib, haqiqiy turk shirinliklari makonigacha uchratdik. Biroq, ayni paytda o‘rnatilgan tartib sabab Turkiyada soat 20:00 bo‘lgach, jamiki savdo maskanlari yopilarkan, qolarkan. Siz nimagadir ulgurmay qolishingiz yoki hali yana xarid qilishni istashingiz bu tartibni o‘zgartira olmaydi. Mahalliy aholi esa bu holatga allaqachon ko‘nikkan va barcha shu rejimga qarab ish tutadi. Shanba va yakshanba kunlari esa Turkiyada osudalik hukm suradi. Faqat eng muhim ehtiyojdagi do‘konlar 17:00 ga qadar ishlaydi. Xuddi shu dam olish kunlari biz ham 17:00 bo‘lishiga 10 minut qolganda oziq-ovqat do‘koniga tashrif buyurdik. Mashhur turk qahvasi, luqum, choy, shokolod degunimizcha 10 minut o‘tdiyu, do‘kon xodimlari bizdan tezroq xaridni to‘xtatib, chiqib ketishimizni so‘rab qolishdi. O‘zbekchilik: ulgurganimizcha qo‘limizga uchragan narsalardan tavakkal oldigu, kassaga yo‘naldik. Axir, uyga quruq qo‘l bilan qaytib bo‘larmidi?!

Turkiya it va mushuklarga mehribon davlat

Istanbul, Kappadokiya va Antaliyada hayvonlarga nisbatan o‘ta mehribonlik guvohi bo‘ldik. Odamlar bilan gavjum markaziy ko‘chalarda mushuk va itlaring uchrashi va ularning insonlardan cho‘chimay yurishi oddiy holat ekan. Siz ularga yaqin borishingiz, bemalol erkalatishingiz yoki biror yegulik bilan mehmon qilishingiz mumkin.  

Ko‘chalarning har yer, har yerida esa ularning ovqatlanishi uchun maxsus idishchalar ham o‘rnatib qo‘yilgan. Eʼtibor berib qarasak, itlarning quloqlaridan birida nimadir taqib qo‘yilgan. Bizga hamrohlik qilgan gidning tushuntirishicha, bu belgi hayvonlarning davlat himoyasida ekanligini bildirar ekan. 

Pastqamgina, ammo bayroq ilingan kulbalar

Endi odamni chin dildan havasini keltiradigan jihat haqida gapirmoqchiman. Turkiya bayroqlar mamlakati. Ko‘chalar, binolar, do‘konlar va hatto sotib olayotgan kichik esdalik buyumlarigacha mamlakat bayrog‘i tushirilgan. U ham mayli, har bir aholi xonadonlari eshiklari oldida ham yurt bayrog‘i ilib qo‘yilgani hayratimizni oshirdi. Sayohatimiz davomida shaharning chekka hududlariga avtobusda borar ekanmiz, oddiygina, pastqamgina uylarning kirish eshiklarida ham Turkiya bayrog‘i qo‘yib qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Ana vatanparvarlik deymiz, havasda.

Turkiyada hammasi turk tilida

Bugun har qanday biznesning yarim rivoji uning yaxshi reklamasi bilan baholanadi. Istanbul, Kappadokiya yoki Antaliya ko‘chalarini kezar ekansiz, turli narsa-buyumlarniyu, yangicha xizmatlarni taklif qilayotgan reklama bannerlariga ko‘zingiz tushadi. Bu normal holat, biroq siz Turkiyada barcha yozuvlarni faqat turk tilida ko‘rasiz. Va, hatto siz son-sanoqsiz turk tilida yozilgan yozuv va bannerlarni o‘qib borish orqali bu tilda yaxshigina so‘zlay boshlashingiz ham mumkin. Garchi, siz sayyohlarning eng gavjum ko‘chasida bo‘lsangiz ham turk tilida barchasini o‘qishingiz va tushunishingiz kerak. Bu esa o‘z tiliga nisbatan oliy darajadagi hurmat, bizningcha.

"O`zbekmisiz? O`zbeklar bizning qardoshimiz"

Biz sayohatimiz davomida ko`plab go`shalarda bo`ldik, ammo tan olib aytish kerakki, turklarning biz bilan munosabati va so`zlashuvida deyarli qiynalmadik. Tarjimon shart bo`lmadi. Savdo do`konlari va bozorlarini aylandik, mahalliy aholi bilan muloqotlar qildik. Birinchi jumlamizdanoq, "O`zbekmisiz?" deya so`rab qolishadi. Biz ham ko`zlarim yonib, "Ha" deya g`ururlanamiz. O`ng qo`lini chap ko`ksiga urib, "O`zbek mening qardoshim" deydi turklar va yuzlarida tabassum bilan yanada iliqroq munosabatda bo`lishadi. 

Ana shunday hayrat va taasurotlarni olgach esa bu diyorga yana borging kelaveradi. 

Mavzuga doir:

U shunchaki shahar emas... Yoxud dunyoni o`ziga rom etgan Istanbulning siri nimada? (fotoreportaj)

Istanbulni kashf etish qaerdan boshlanadi? (fotosayohat)

Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat er osti shahri qaerda? U erga borishga undovchi 5 sabab (foto)

Bir kunda to`rt fasl... Yoxud Kappadokiya bag`ridagi vodiylar afsonami yoki haqiqat? (fotosayohat)

Antaliya dunyo sayyohlarining sevimli maskani. Chunki... (fotosayohat)

Mandarinlar to`kilib yotadigan shahar, kuyovlar bellashuvi sabab yaratilgan muhtasham teatr yoxud "Gladiator" qahramoniga aylanish siri. Bu maskan qaerda? (fotosayohat)

Farida Egamberdieva, Toshkent -Istanbul-Kappadokiya-Antaliya-Toshkent

 

 

Sharhlar

Erdo`g`an Iroq bilan munosabatlarda burilish nuqtasi borligini ma`lum qildi

22.04.2024, 20:57

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`anning Iroqqa tashrifi va uning doirasida imzolangan kelishuvlar Turkiya-Iroq munosabatlarida yangi burilish nuqtasi bo`lishiga ishonch bildirdi. Bu haqda davlat rahbari Iroq...
Turkiyadagi o`zbekistonliklar ogohlikka chaqirildi

21.04.2024, 15:36

Turkiya hududida bo`lgan o`zbekistonliklar ogohlikka  chaqirildi. Bu haqda Istanbul Boshkonsulxonasi xabar berdi. Xabar berilishicha, Turkiya hududida keng tarqalayotgan firibgarlikning navbatdagi turlaridan biri:onlayn savdo orqali bergan buyurtmani...
Turkiyada muxolifat Erdo`g`onning partiyasini mag`lub etdi

01.04.2024, 09:13

Avval xabar qilganimizdek, yakshanba kuni Turkiyada mahalliy hokimiyatlarga saylovlar bo`lib o`tdi. Bayonnomalarning 93 foiz sanab chiqilganda, Respublika xalq partiyasi 37,4 foiz, hukmron Adolat va taraqqiyot...
Ozarbayjon, Turkiya va Gruziya hamkorligi bo`yicha Boku deklarasiyasi imzolandi

18.03.2024, 10:30

Ozarbayjon, Turkiya va Gruziya tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi yakunlari bo`yicha Boku deklarasiyasi imzolandi.Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov Turkiya va Gruziya tashqi ishlar...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1