Sahar turib sochimizga hajm beramiz, turmaklaymiz, qilgan ishimizdan ko`nglimiz to`lgach, tashqariga otlanamiz. Ammo manzilga etib, bosh kiyimni echgach hafsalamiz pir bo`ladi. Axir qilgan mehnatimizni bosh kiyimi chippakka chiqqargan-da. Yo`q, biz zamonaviy ayollar endi bunga rozi emasmiz! Soch turmagimiz buzilib ketishiga aslo yo`l qo`ymaymiz. Buning esa bir emas naqd ikkita usuli bor. Ular haqida «SUG`DIYONA» ayollar klubi mutaxassisi Olesya SAVOSKINA aytib o`tadi.
Bugungi kunda sochning ildizga yaqin qismiga hajm berib, shu holatda uni uzoq muddat (2-6 oy) saqlab qolish amaliyotining ikki turi taklif etilmoqda. Mutaxassislar ularni «Boost Up» va «Bouffant» deya nomlashgan. Bu usullar ham xuddi kimyoviy jingalaklashga o`xshash amaliyot bo`lib, sochning ildiz qismi shishirilib, hajm beriladi va kimyoviy vosita yordamida “qotirib qo`yiladi”.
“Boost UP”— 5-6 oyga gofre degani!
Bu xuddi sochga hajm berish uchun gofre moslamasidan foydalanishdek gap. Faqat bir marta qo`llab natijani 5-6 oy davomida saqlab qolish imkoniyatini yaratadi. Amaliyotga rozi bo`lishdan avval u haqda to`liq ma`lumotni bilib oling. Demak birinchi navbatda, stilist boshni yuvib, quritadi. Boshingizning eng tepasidani bir tutam sochni alohida olib, atrofidagilarini ingichka tutamlarga ajratib chiqadi. So`ng ularni sochto`g`nog`ich(shpilka)ga zig-zag shaklida o`rab chiqadi va o`ram echilib ketmasligi uchun sochto`g`nog`ichning uchini zar qog`ozi bilan mustahkamlaydi. Navbat maxsus kimyoviy vositaga etdi. Bilasiz ularning ham turlari bisyor. Mutaxassisingizdan sochga kamroq ziyon etkazadiganidan foydalanishini iltimos qiling. Kimyoviy modda surtilganidan keyin 20 daqiqa o`tgach, iliq suvda chayib tashlanadi. Soch quritilgach, tepadagi ishlov berilmagan tutamlar bilan to`lqinlar «bekitiladi». Bunday usulda hajm berilgan sochlar o`sgunicha, ya`ni 5-6 oy davomida o`z ko`rinishini yo`qotmaydi. Biroq keyin to`lqinlar o`z-o`zidan tekislanib ketishiga umid qilmang. Soch o`sganidan keyin ularni dazmol yordamida tekislab yurishingizga to`g`ri kelishi mumkin. Butun jarayon 4-5 soat vaqtingizni oladi. Mutaxassislar bu amaliyotni uzun soch sohibalariga tavsiya etishadi. Ingichka sochlarda qo`llab ko`rsangiz tarashda qiyinchiliklar paydo bo`lishi, soch siyraklashib to`kilishi mumkin.
Poytaxt salonlaridagi o`rtacha narxi: 120 000 so`mdan boshlanadi.
“Bouffant” — 2-3 oy turmak qilmasangiz ham bo`ladi!
Bu amaliyotda ham asosiy ishni kimyoviy vosita bajaradi. Biroq bajarish texnologiyasi “Boost Up”nikidan farq qiladi. Endi sochto`g`nag`ichlarning keragi yo`q. Maxsus bigudi bo`lsa bas. Demak, soch tozalangach, uning ildizi tarab shishiriladi va bigudi yopishtiriladi. Tolalarning uzunligi bo`ylab esa himoyalovchi vosita surtiladi. Amaliyot jarayonida kimyoviy vositaga ikki bora murojaat qilinadi. Uni surtib bo`lgach soch yana chayiladi. “Bouffant” asosan kalta yoki o`rta uzunlikdagi soch sohibalariga tavsiya etiladi. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, bunday usulda hajm berilgan sochlar o`sganidan keyin bilinmay ketadi. Hech qanday noqulayliklarni sezmaysiz. O`ylab ko`ring, 2 soat vaqtingizni sarflab 2-3 oylik turmakka ega bo`lishni istaysizmi?
Poytaxt salonlaridagi o`rtacha narxi: 120 000 –140 000 so`m.
Bu muhim
Yodingizda bo`lsin, kimyoviy vosita tarkibida tioglikol kislotasining mavjudligi sochga zarar etkazadi, shu bois mutaxassisingizdan sistiamin moddasi boridan foydalashni so`rang. Chunki sistiamin sochning tarkibiga juda o`xshash hisoblanadi. Bundan tashqari yuqoridagi amaliyotlarning yana bir afzalligi sochning kamroq yog`lanishiga olib keladi. Chunki ulardan so`ng soch bosh terisiga kamroq ishqalanadi-da. Har ikkala usuldan keyin 48 soat o`tgachgina sochlarni yuvishga ruxsat etilishini ham inobatga olib qo`ying.