6 fevral shanba kuni Turkmaniston Tolibon vakillarini qabul qildi, deya xabar berdi tarjiumon.uz Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib.
Gaz resurslariga boy bo`lgan Turkmaniston ushbu muzokaralar bilan Afg`oniston va u orqali boshqa mamlakatlarga o`z mahsulotini eksport qilish uchun xavfsizlikka erishishni ko`zlamoqda.
So`nggi yillarda Turkmaniston Afg`onistonning rasmiy hukumati bilan mustahkam aloqalarni o`rnatdi. Ammo, turkmanlar Afg`onistondagi yirik loyihalarni amalga oshirish uchun avvallari Tolibon bilan hamkorlik qilib, uning qo`llab-quvvatlashini qo`lga kiritishga harakat qilgan.
Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining veb-saytida e`lon qilingan bayonotda aytilishicha, Turkmanistonning afg`on xalqi farovonligini ta`minlashga qaratilgan infratuzilma loyihalarini amalga oshirishini Tolibon to`liq qo`llab-quvvatlaydi.
Shanba kuni kechqurun Tolibon matbuot kotibi ham Ashxobodda turkmanlar bilan muzokaralar bo`lganini tasdiqladi. Shuningdek, u ushbu uchrashuvda ikki tomon chegaralar xavfsizligini ham muhokama qilganini ma`lum qilgan.
O`tgan oy Turkmaniston va Afg`oniston transport, energetika va kommunikasiya sohalarida hamkorlik qilishlarini e`lon qilishgandi. Ushbu loyihardan biri TAPI deb nomlangan bo`lib, undan maqsad Turkmaniston, Afg`oniston, Hindiston va Pokistondan o`tuvchi gaz quvurini qurishdir. Bu loyiha amalga oshsa, Turkmaniston o`z gazini sotishda Xitoyga qaramligini kamaytiradi.
TAPI loyihasi bo`yicha har yili Turkmanistonning ulkan Galkinish gaz konidan 30 milliard kubometrdan ziyod tabiiy gazni olib o`tishi mumkin bo`ladi. Ushbu gazning asosiy miqdori energiyaga chanqoq bo`lgan Hindiston va Pokistonga etkazib beriladi. Ushbu quvurning Afg`oniston orqali o`tadigan qismining uzunligi 700 kilometrdan oshadi. Ammo, mazkur loyiha xavfsizlik va investisiya sabab bir necha yillardan beri amalga oshmay qolmoqda.






