Bu haqda ushbu mamlakatning Sog`liqni saqlash vaziri Remi Lama shanba kuni ma`lum qilgan. Bu Gvineyada so`nggi besh yil ichida ebola sabab ro`y bergan ilk o`lim holati bo`ldi. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
AFP axborot agentligiga bergan intervyusida Remi Lama ushbu holatdan jiddiy tashvishlanayotganini aytgan. Gvineyada 2013-2016 yillar oralig`ida ebola epidemiyasi avj olgandi. O`shanda bu mamlakatda 11 300 kishi mazkur kasallik qurboniga aylangan.
“Gvineyada ebolaning so`nggi qurbonlaridan biri hamshira bo`lib, u yanvar oyi oxirida kasal bo`lib qolgan va 1 fevral kuni dafn etilgan edi. Hamshiraning dafn marosimida qatnashganlarning sakkiztasida diareya, qusish va qon ketish kabi ebola simptomlari sezildi. Shundan keyin ulardan uch nafari vafot etdi, qolgan to`rt kishi kasalxonada davolanmoqda» dedi Milliy sog`liqni saqlash xavfsizligi agentligi rahbari Sakoba Keyta.
Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti 2016 yildan beri ebolani yuqtirib olish holatlariga tashvish bilan qarab kelmoqda. Tashkilot yaqinda Kongo Demokratik Respublikasida ebolaning tarqalganini xalqaro sog`liqni saqlashda favqulodda holat ekanini aytgandi.
JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreysus yakshanba kuni ertalab Tvitterda qoldirgan postida Gvineyada ebolaning yana ikkita shubhali holati aniqlanganini va hozirda ularni o`rganish ishlari olib borilayotganini ma`lum qilgan.






