AsosiyDunyo

Kino yoki reklamada suratga tushgani hayvonlar qancha haq olishini bilasizmi?

'Kino yoki reklamada suratga tushgani hayvonlar qancha haq olishini bilasizmi?'ning rasmi

Ko`pchilikni qiziqtirgan ushbu savolga "O`zbekkino" Milliy agentligining telegramdagi rasmiy sahifasiga joylashtirilgan ma`lumotdan javob olishingiz mumkin.

Kino yoki reklamada suratga tushgani uchun nafaqat aktyorlar, balki hayvonlar ham haq olishadi. Ma`lumotlarga ko`ra, Gollivudda odatda, tasvirga olish bir kuni uchun mushuk yoki itga 400 dollar to`lanadi. Rossiya kinosanoatida esa hayvonlarning daromadi sezilarli darajada past. Ularga umumiy qo`shimcha rollari uchun 1000 rubldan ortiq haq to`lanmaydi.

Hayvon aktyorning gonorar miqdori uning itoatgo`yligi va tajribasiga bog`liq. Agar u mashhur filmda rol ijro etgan bo`lsa, unga ko`proq pul to`lanadi. To`lov miqdoriga oziq-ovqati, suvi, transport xarajatlari va ba`zida agentlik yoki sahnalashtiruvchi mutaxassisning ish haqi ham kiradi. Hayvon aktyorning sohibi yoki sahnalashtiruvchi mutaxassis umumiy gonorarning taxminan yarmiga ega bo`ladi.

Ma`lum bir hayvonning reklama uchun o`ynagan roliga 3000-4000 rubl to`lanadi. Kinodagi olomonbop sahnalardagi roli uchun kamroq, ya`ni 500 yoki 1000 rubl to`lanadi, xolos. Yirik reklama loyihasi uchun taxminan 10 000 rubl, bosh rol ijrosi uchun esa 15 000 rubl olishi mumkin.

Hayvonlarga rollar ijro ettirish orqali daromad topish oson ish emas. Chunki hayvonlarni doimo veterinariya talablariga mos ravishda saqlab turish va yuksak darajada parvarishlash katta sarf-harajatlarni talab etadi.  

Bu sohaning etuk bilimdoni Ekaterina Mamakinaning ta`kidlashicha, dastavval uning itiga tasvirga olish maydonchasidagi olti soatlik xizmati uchun 6000 rubl to`langan. Keyinchalik soatiga 1500 rubl miqdoridagi gonorar belgilangan. Reklamada sifatli ishtiroki uchun esa 7500 rubl berishgan. Rossiyada hayvonning reklama yoki kinodagi xizmati uchun beriladigan shaxsiy gonorar miqdori 2000 rublni tashkil qiladi. Hayvonlar bilan rolni sahnalashtiruvchi mutaxassisga 3000-4000 rubl beriladi. Shuningdek, transport harajatlari uchun alohida pul ajratiladi.  

Guvohi bo`lganingizdek, hayvon aktyorlarni kinosanoatida rollar ijro etishga mos ravishda parvarishlash igna bilan quduq qazishdek murakkab jarayon. Bunga hayvonlarga nisbatan muhabbati bor, irodasi mustahkam shaxslargina jur`at eta oladilar.

    Boshqa yangiliklar