AsosiyDunyo

Qirg`izistonning yirik ob`ektlari davlat qarzi tufayli Xitoyga o`tib ketishi mumkin

'Qirg`izistonning yirik ob`ektlari davlat qarzi tufayli Xitoyga o`tib ketishi mumkin'ning rasmi

Ma`lum qilinishicha, sobiq prezident Almazbek Atambaev davrida davrida ko`plab tashqi kreditlar olingan. Bugungi kunda mamlakat o`sha qarzlarni to`lamasa, yirik ob`ektlar qarz bergan tomonga o`tib ketish xavfi ostida. Bu haqda  Sputnik.uz xabar berdi.

 Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarovning matbuot xizmati uning mamlakat davlat qarzini to`lamagan taqdirda, ko`plab ob`ektlarini qo`ldan boy berishi mumkinligi to`g`risidagi bayonotiga izoh berdi.

Avvalroq Sadir Japarov axborot agentliklaridan biriga bergan intervyusida sobiq davlat rahbari Almazbek Atambaev davlat qarzi bo`yicha bitimlar imzolagani, ular tufayli Qirg`iziston ko`plab ob`ektlaridan mahrum bo`lishi mumkinligini ma`lum qilgandi.

Davlat rahbari matbuot xizmati gap aynan qaysi ob`ektlar va kredit bitimlari haqidagi gap borayotganiga oydinlik kiritmagan.

“Atambaev davrida ko`plab tashqi kreditlar olingan, jumladan, Xitoy va boshqa mamlakatlardan. Bugungi kunda ikki tomonlama imzolangan o`sha alohida shartnomalarni bajarmasak, kreditni to`lamasak, ob`ektlar qarz bergan tomonga o`tib ketishi mumkin. Bu juda yirik ob`ektlar. Prezident qiyinchiliklarga qaramasdan mablag` topilishiga, kreditlar o`z vaqtida to`lanishiga, ob`ektlar esa hech kimga berilmasligiga umid bildirdi”, - dedi prezidentning matbuot kotibi Galina Bayterek “Sputnik” muxbirining savoliga javob berayotib.

2020 yil oxiridagi ma`lumotlarga ko`ra, Qirg`izistonning tashqi qarzi 4 milliard 850 million 730 ming dollarni tashkil etadi.

 

    Boshqa yangiliklar