“Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sog`lomlashtirish, yuqori qo`shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–4992-son, 13.02.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, kimyo sanoatini transformasiya qilishning uzoq muddatli asosiy muhim yo`nalishlari belgilandi.
2021 yildan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda asosan xususiy, shu jumladan xorijiy investorlar va texnologik sheriklarni jalb qilishni nazarda tutuvchi “Kimyo va gaz-kimyo sanoatida texnologik klasterlarni yaratish bo`yicha ochiq hamkorlik dasturi” joriy etildi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
➖ O`zbekistonning 2021–2023 yillarga mo`ljallangan investisiya dasturiga kiritilgan va amalga oshirish muddatlari jadallashtiriladigan investisiya loyihalarining ro`yxati;
➖ umumiy qiymati 1 176 mln AQSh dollarga teng, shundan 700 mln AQSh dollari to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar va kreditlar hisobidan moliyalashtiriladigan 2021–2025 yillarda kimyo korxonalarida ishlab chiqarishni diversifikasiya qilish, mavjud xomashyo bazasidan samarali foydalanish orqali yuqori qo`shimcha qiymatga ega bo`lgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan 16 ta yangi investisiya loyihalari ro`yxati.
Qarorga ko`ra, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va tarmoqlararo kooperasiyani tashkillashtirish, eksportbop va import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi xususiy va xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarga ustuvorlik beriladi.
Shuningdek, 2024 yilga qadar “O`zkimyosanoat” AJ korxonalarida ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini, moliyaviy, xo`jalik va tashkiliy faoliyatni boshqarish va monitoring qilish, ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish, etkazib berish va ulardan foydalanishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinadi.






