Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahrida olti nafar egizak: to`rt nafar qiz, ikki nafar o`g`il tug`ilganligi va bu O`zbekiston uchun rekord ko`rsatkich ekani haqidagi xabar tarqalmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati holatga oydinlik kiritish maqsadida Surxondaryo viloyat cog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Komil Abdivoxidov bilan bog`landi.
— Bu xabar haqiqatga zid, — deydi boshqarma boshlig`i. — Termiz shahri va tumanida bunday tug`ilish qayd etilmagan. Oxirgi ko`p farzand tug`ilishi hududimizda 3 fevral kuni bo`lgan, ya`ni Angor tumani «To`lqin» mahallasida istiqomat qiluvchi 1990 yilda tug`ilgan Mahbuba Abdumurodova shu kuni uch farzandini kesarcha kesish yo`li orqali dunyoga keltirgan. Birinchi farzandi qiz (vazni 2950 gramm, bo`yi 49 sm), ikkinchisi o`g`il (vazni 2900 gramm, bo`yi 47 sm) va uchinchisi ham o`g`il (2200 gramm bo`yi 46 sm). Hozirda ularning ahvoli qoniqarli.






