AsosiyJamiyat

Maxsus elektron tizim orqali lisenziyalash tartibi ishlab chiqildi

'Maxsus elektron tizim orqali lisenziyalash tartibi ishlab chiqildi'ning rasmi

Adliya vazirligi tomonidan aholi va tadbirkorlarga engillik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali lisenziyalash tartibi to`g`risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirdi.

Sababi, bugungi kunda 49 turda lisenziyalanadigan faoliyat turlari mavjud bo`lib, ushbu tartib-taomillardan o`tish va faoliyatni nazorat qilishning unifikasiyalashgan tartibi o`rnatilmagan. Ya`ni, har bir lisenziyalanadigan faoliyat turlari bo`yicha alohida nizomlar tasdiqlangan

Shu sababli, lisenziyalanadigan faoliyat turlarini soddalashtirish hamda ular yagona hujjatga birlashtirish maqsadida birinchi navbatda 30 ta faoliyat turi tanlab olindi. 

Mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan nizom loyihasi va unga ilova qilinayotgan pasportlar “konstruktor” usulida tayyorlangan bo`lib, kelgusida boshqa lisenziyalanadigan faoliyatlarning pasportlarini ishlab chiqish va ushbu nizomga ilova qilish orqali kengaytirish mumkin.

Mavjud 31 turdagi lisenziyalar uchun alohida nizomlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi natijasida normativ-huquqiy hujjatlar soni sun`iy oshib ketishiga, bir xil mazmundagi tartibga solish jarayoni har bir hujjatda qaytarilishiga va huquqni qo`llash amaliyotida anglashilmovchilik va qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Shu sababli lisenziyalanadigan faoliyatlar asosini belgilaydigan tartiblarni unifikasiyalash zarurati yuzaga kelmoqda.

Lisenziyalanadigan faoliyatlarni turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishi foydalanuvchilarga turli noqulaylik va qiyinchiliklar olib kelayotgan edi.

Loyihaga asosan Maxsus elektron tizim orqali lisenziyalash tartibi to`g`risidagi yagona nizom tasdiqlanmoqda

Nizom bilan maxsus elektron tizim orqali lisenziyalashning umumiy qoidalari, faoliyatni amalga oshirishning umumiy talablari va shartlari, lisenziya olish uchun ariza berish va uni ko`rib chiqish tartibi, lisenziyani qayta rasmiylashtirish, muddatini uzaytirish, lisenziyani o`zgartirish va faoliyatning kichik turiga lisenziya olish tartiblari, lisenziyaning amal qilishini to`xtatib turish, bekor qilish va tugatish, faoliyatni nazorat qilish tartibi va javobgarlik, lisenziyalovchi organlar qarorlariga (xatti-harakatlariga) nisbatan ma`muriy shikoyat berish va uni ko`rib chiqish tartibi hamda lisenziyalar reestrini yuritish jarayoni batafsil yoritilgan.

Qayd etish lozimki, nizom loyihasida ma`muriy shikoyatlar berish va uni ko`rib chiqish jarayoni “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi Qonun talablariga muvofiqlashtirilgan.

Xususan, lisenziya berish to`g`risdagi qaror respublika darajasidagi vakolatli organ tomonidan qabul qilinsa, vakolatli organning xatti-harakatlari yoki qarorlari ustidan Apellyasiya kengashiga murojaat qilishi belgilanmoqda. Nizomda Apellyasiya kengashining tarkibi va uning vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Nizomning 1-31 ilovalari bilan har bir lisenziyalanadigan faoliyatning pasportlari tasdiqlanmoqda.

Pasportlarda har bir lisenziyaning o`ziga xos xususiyatidan kelib chiqib asosiy ma`lumotlar joy olgan. Bunda, lisenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar, faoliyat talab va shartlari batafsil va aniq ko`rsatilmoqda. Vakolatli organ tomonidan nazorat tadbirlari amalga oshirilganda pasportlarning 
9-bandida ko`rsatilmagan talab va shartlarga rioya etilishini talab qilishga yo`l qo`yilmaydi.

Kutilayotgan natijalar

Loyiha tadbirkorlik sub`ektlariga qulay biznes muhitini yaratishga, lisenziya berish va ushbu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshirishning yagona va shaffof mexanizmini yaratilishiga, ushbu jarayonlarda korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelishini oldini olishga, lisenziatlar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Ushbu hujjatlarni yagona normativ-huquqiy hujjatda belgilanishi aholiga va tadbirkorlik sub`ektlariga, qolaversa vakolatli organlarga ham qulayliklar yaratadi.

Jamoatchilik muhokamasida kelib tushgan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtiriladi.

Loyiha bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin: https://regulation.gov.uz/uz/d/29292

    Boshqa yangiliklar