Qozog`iston Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o`rinbosari boshchiligidagi delegasiya vakillarining O`zbekistonga tashrifi doirasida O`zbekiston Transport vazirligida uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda mamlakatlar o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, o`zaro hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. "Turkiston – Chimkent – Toshkent" tezyurar temir yo`li loyihasini amalga oshirish, "Maqtaaral – Darbaza" yangi temir yo`l liniyasini qurish bo`yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Qozog`iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o`rinbosari Berik Kamaliev hamda O`zbekiston Respublikasi Transport vaziri v.b. Ilhom Mahkamov o`rtasida bo`lib o`tgan muzokaralarda mamlakatlar o`rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, yangi parvozlar yo`nalishlarini ochish, xususan, Qozog`iston shaharlaridan Samarqand va Urganch shaharlariga muntazam aviaparvozlarni yo`lga qo`yish masalalari ko`rib chiqildi. Shuningdek, tomonlar epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda temir yo`l qatnovlarini qayta tiklash masalasini muhokama etdi.
Uchrashuvning ikkinchi kunida tomonlar guruhlarga bo`lingan holda o`z ish faoliyatni davom ettirishga kelishib oldi.






