AsosiyJamiyat

Davlat ulushi bo`lgan har qanday tashkilotda xalqning ham ulushi bor — Rasul Kusherbaev

'Davlat ulushi bo`lgan har qanday tashkilotda xalqning ham ulushi bor — Rasul Kusherbaev'ning rasmi

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev Telegram'dagi shaxsiy blogida xususiylashtirish borasidagi fikrlarini bildirdi va sohada jamoatchilik nazorati katta ahamiyatga ega bo`lishi lozimligini alohida ta`kidladi:

Xususiylashtirish jarayonlari to`liq jamoatchilik nazorati ostida bo`lishi lozim 

Afsuski mamlakat kelajagiga daxldor bo`lgan muhim masala- xususiylashtirish jarayonlari tor doiradagi shaxslar ishtirokida amalga oshirilmoqda.  

Jamoatchilik shu jumladan, aholining turmush darajasi va infratuzilmasi pastligidan doimiy shikoyat va e`tirozlarini eshitishga majbur, hal qilishning real richagi cheklangan deputatlarda ham bu jarayonlarning xolisligiga shubhalari ortib bormoqda.  

Chunki davlat ulushi bo`lgan har qanday tashkilotda xalqning ham ulushi bor. Xalq davlatning birdan bir manbai va uning boyligi kimga, nima uchun berilayotganini bilishga va buni  o`zgartirishga to`la haqqi bor. Toki unga ham tegishli boylikka kimlar egalik qilmoqchi-yu, nega unga ichimlik suvi etib kelmagani, uning farzandi borayotgan maktab yo`li nima uchun abgorligini bilib olishi uchun.  

Shu sababdan ayni vaqtdagi har qaysi xususiylashtirish bilan bog`liq masala keng jamoatchilik eng kamida parlamentga hisob berib, xalq vakillari takliflarini inobatga olish shaklida amalga oshirilishi kerak.  

Masalan, Coca-cola kompaniyasi, Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi, Ucell brendi ostida uyali aloqa xizmati bilan shug`ullanayotgan Coscom MChJning davlat ulushini sotish yoki boshqa tashkilotga o`tkazish bilan bog`liq jarayonlarning har biri haqida yaqin kunlardayoq tashkilotchilar parlamentda OAV ishtirokida ochiq oshkora hisob berishlari shart. Shunda jarayonlar shubhali va bir to`da shaxslar manfaati lobbisi uchunmi yo`qmi xalq buni bilib, real baxosini bera oladi.  

Agar jarayonlar davlat yoki tijorat siri kabi asoslar bilan yopiladigan bo`lsa demak, jamoatchilik bunda "davlat manfaati" niqobi bilan bir to`da shaxslarning manfaati uchun harakat qilinayapti, degan xulosaga kelishi mumkin(Aslida xavfsizlik va harbiy sohadan tashqari xalqdan yashiriladigan sirning bo`lishi noto`g`ri).  

Xususiylashtirish jarayonlari haqiqatan ham shu xalq, shu yurt manfaati uchun qilinayotgan bo`lsa biz jarayonlarning jamoatchilik va parlament ko`z o`ngida amalga oshirilishiga tashkilotchilardan  iroda kutamiz. Har qalay buni tashkil qilayotgan shaxslarning ham o`zlari va avlodlari bir umr shu yurtda yashaydi. Yo undaymasmi?  

Bunga munosabat, iroda va tashabbusni  kutamiz!..

    Boshqa yangiliklar