Kecha Koronavirusga qarshi kurashish Respublika komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Vaksina masalasi muhokama qilindi. Unda Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O`zbekistonda Xitoyning Zijilong vaksinasini klinik sinov natijalari bo`yicha taqdimot qildi. "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov mamlakatimizda mikrobiologiya sohasida dunyo e`tirof etadigan olimlar borligi va ularning fikrlari dunyoda davom etayotgan o`rganishlarda ahamiyatli bo`layotganidan xursand bo`lgani haqida gapirdi va emlash jarayoni bilan bog`liq shaxsiy xulosalari bilan o`rtoqlashdi.
"Dunyoda vaksina biznesi boshlangan. Hamma o`z vaksinasini o`tkazishga harakat qilmoqda. Kimdir yopiq, kimdir ochiq bosim bilan, kimdir ilmiy hamkorlik orqali. Komissiya har qanday bosim ta`siriga berilmagan holda eng xavfsiz vaksinani tanlash uchun harakat qilayotganiga, men shaxsan to`liq ishondim.
Bugun dunyoda 200 ga yaqin vaksina ustida ishlanayotgan bo`lsa, Jahon sog`liq tashkiloti bittagina vaksinani ro`yxatdan o`tkazibdi - AQShning Pfizer kompaniyasi vaksinasi. Tushunarli. Lekin bu vaksinani engyaxshisi emasligini bilish uchun natijalarga qarash etarli bo`ldi.
Biz Xitoyning Zijilong, Rossiyaning Sputnik V, Britaniyaning Astrazaneka va Hindistonning Bxarata Biontek vaksinalarini o`rganyapmiz. Xitoy vaksinasini ishlashda bizning olimlar ham faol ishtirok etgani uchun ushbu vaksina nomlanishida -UZ qo`shimchasi qo`shilmoqda.
Bu sohada bilimdon emasman, lekin tushunganlarimni aytmoqchiman.
Vaksinalar 2 xil bo`ladi:
a) Virusning o`zidan olingan vaksina (Sputnik V). Tirik xujayradan iborat vaksina kutilgan vazifani bajarganidan keyingi uzoq davrda o`zini qanday tutishini bilmaymiz. Ya`ni, vaksina qilingan odamning farzandida qandaydir kutilmagan gen paydo bo`lib qolmasligiga kafolat berilmagan;
b) Gen muhandisligi natijasida olingan vaksina (Zijilong, Astrazaneka). Bu vaksinada foydalanilgan genlar yuklangan vazifani bajarganidan keyin faollikni to`xtatadi va tanadan chiqib ketadi.
Bugungi kunda O`zbekistonda 7 mingdan ortiq odam shu vaksina bilan emlanibdi. Ijobiy natijalar haqida shaxsan emlanganlar aytib berishdi.
Bundan tashqari ayrim vaksinalarni tashish va saqlash uncha-muncha davlat tashkil qilishi qiyin bo`lgan jiddiy tizim talab qiladi. Masalan, vaksinani saqlab turish uchun -80 daraja sovuq harorat ta`minlash, foydalanishga tayyorlash uchun 2 kunlik maxsus jarayon zarur (Pfizer). Saqlash muddati ham cheklangan. Katta pulga olib kelinsayu, odamlar vaksinani rad etsa nima bo`ladi? Hamkorlikda ishlab chiqarish bo`yicha takliflar rad etilmoqda.
Yana muhim tomoni, hamma vaksina ishlab chiqarayotganlar reklama uchun shovqin ko`taryapdi, lekin “vaksina ber, puli naqd” degan takliflarga javob yo`q. Masalan, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bo`yicha olimlarimiz joyida o`rganib kelishdi, hali vaksinani ko`p miqdorda ishlab chiqarish yo`lga qo`yilmagan. “Siz vaksinani reklama qilavering, biz sizga etkazib beramiz” qabilidagi nasiya gaplar. “O`zbekiston bizning vaksinadan foydalanyapdi”, degan gap uchun bir quti vaksina bilan tashrifni ham ko`rdik.
Qisqasi, olarmon pul to`lamasa vaksina ishlab chiqaruvchilar xarajat qilmoqchi emas. Jahon sog`liq tashkiloti esa bor vaksinani sharoiti og`ir mintaqalarga birinchi bo`lib etkazib berish tarafdori. Bu AQSh bilan Evropa bo`lsa kerak, taxmin qilish qiyin emas. O`zbekiston sharoiti mo``tadil davlat ekanligi sababli, bizga vaksina yo`q. Demak, o`zimiz uchun harakat qilishimiz kerak.
Davlat rahbari tomonidan aholini vaksina bilan ta`minlash uchun barcha choralar ko`rish bo`yicha ko`rsatma berilgan. Komissiya real holatdan kelib chiqib yaqin kunlarda masalani xalq vakillari bilan muhokama qilmoqchi", -deydi partiya etakchisi.






