Prezident qarori (PQ–4995-son, 17.02.2021 y.) bilan 2021–2023 yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog` hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Dasturga ko`ra, belgilangan yillarda Bobotog` hududida sanoat, xizmat ko`rsatish va qishloq xo`jaligi sohalarida jami 75 ta loyiha amalga oshirilishi, bu orqali 419 ish o`rni yaratilishi nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 yanvargacha:
➖yangi tashkil qilinadigan tadbirkorlik sub`ektlari, shu jumladan klaster tashkilotlari er solig`i, mol-mulk solig`i, foyda solig`i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat`iy miqdordagi daromad solig`ining;
➖jismoniy shaxslar er solig`i va mol-mulk solig`ining 50 foizini to`lashdan ozod qilinadi.
Bobotog` hududida tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash maqsadida summasi 10 milliard so`mdan, foiz stavkasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun — asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foiz punktidan ko`p bo`lmagan qismi bo`yicha kompensasiya beriladi.
Shuningdek, salohiyatli tadbirkorlarga Bobotog` hududida qayta foydalanishga kiritiladigan qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan er maydonlari biriktirib beriladi hamda sabzavot-polizchilik, mevali bog` va uzumchilik, chorvachilik yo`nalishidagi klasterlar faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Hududda tunu-kun xizmat ko`rsatuvchi navbatchi hamshiralik guruhi tashkil etiladi.
2021-2022 yillarda Bobotog` davlat o`rmon xo`jaligining tog` va tog`oldi hududlarida 1400 gektar maydonda pista plantasiyalari barpo etiladi.
2021/2022 o`quv yilidan kelgusi uch o`quv yili davomida Uzun tumani Bobotog` hududidagi yoshlar uchun davlat grantlari bo`yicha kvotalarni oshirish limitlari doirasida Surxondaryo viloyatidagi pedagogika va tibbiyot yo`nalishlaridagi oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha maxsus kvotalar ajratiladi.
Bunda, maxsus kvota bo`yicha o`qishga qabul qilingan yoshlar oliy ma`lumotga ega bo`lganidan so`ng, o`z hududida kamida 5 yil davomida mehnat qilishi zarur.
2021 yil oxiriga qadar hududda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari uchun namunaviy (ko`p qavatli 30 xonadonli turar joy binolari) loyihalar asosida xizmat uylari quriladi.






