Xorijda ishlash istagida bo`lgan yurtdoshlarimizning chet elda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat bilan band bo`lishi hamda dunyoning rivojlangan davlatlarida munosib ish o`rinlariga joylashtirish choralari ko`rilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.
Bu borada Germaniyaning vakolatli tashkilotlari bilan kelishuvga erishilib, dastlab 500 nafarga yaqin O`zbekiston fuqarolarini “GfM Gruppe” agentligi orqali ushbu davlatda tibbiyot, qurilish, yo`lsozlik, informasion texnologiyalari, logistika, qariyalarni parvarish qilish, metall konstruksiyalari va boshqa texnik sohalarda mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkiliy tartibda yuborish ko`zda tutilmoqda.
Shu munosabat bilan, Germaniyada dastlab dual tizimida, ya`ni bir paytning o`zida kasb o`rganish va haq to`lanadigan ishga, keyinchalik to`liq ishga jalb qilish maqsadida ish beruvchilarning talablariga to`g`ri keladigan nomzodlarni aniqlash va ularning bazasini shakllantirish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarolari taklif etiladi.
Nomzodlarga qo`yiladigan talablar:
- 18-27 yoshgacha bo`lishi;
- maktab, lisey yoki kasb-hunar kollejini tamomlagan bo`lishi;
- nemis tilini kamida V1, ya`ni mustaqil muloqot qilish darajasida bilishi;
- Germaniyada kamida 3 yil muddat davomida mehnat faoliyatini amalga oshirishga tayyor bo`lishi;
- odamlarga nisbatan ochiqko`ngil va tez muloqotga kirishuvchan bo`lishi;
- sog`lom va sudlanmagan bo`lishi lozim;
- ish vaqti: 3 smenada 8 soatdan;
- sinov muddati: 6 oy.
Agar nomzod amaliyotdan muvaffaqiyatli o`tmasa yoki kasb o`rganishni davom ettirish uchun mos kelmaydigan, deb hisoblansa, u o`z mablag`lari yoki sug`urta xarajatlari hisobidan O`zbekistonga qaytariladi.






