AsosiyDunyo

Ashxobodda «Toshkent» bog`i barpo etiladi

'Ashxobodda «Toshkent» bog`i barpo etiladi'ning rasmi

Turkmaniston poytaxtida  barpo etiladigan yangi «Toshkent» istirohat bog`i o`zbek va turkman xalqlarining ko`p asrlik do`stligi va yaxshi qo`shnichilik tarixidagi yana bir muhim voqeaga aylanadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o`rtasidagi ishonchli, ochiq va konstruktiv siyosiy muloqot tufayli so`nggi yillarda ikki mamlakatning yaqin qo`shnichilik, strategik sheriklik va  do`stlik munosabatlari har tomonlama rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda.

Iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik jadal kengaymoqda, ularning asosiy yo`nalishi savdo-iqtisodiy, energetika, transport, aloqa va agrosanoat sohalaridagi birgalikdagi faoliyatni qamrab olgan.

O`zbek-turkman hamkorligining alohida e`tiborga loyiq tomoni - tarixi, madaniyati, dini, urf-odatlari mushtarak o`zbek va turkman xalqlarining yanada ma`naviy yaqinlashishini ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlardir.

Toshkentda turkman shoiri va faylasufi Maxtumquli nomidagi ko`cha va xiyobon, «Ashxobod» bog`i ochilgani, shuningdek, Xivadagi O`zbek-turkman do`stlik uyi va «Ulli hovli» yodgorlik majmuasi buning yorqin dalilidir.

O`z navbatida, Turkmanistonda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk o`zbek shoir va mutafakkirlari xotirasi hamda merosi yuksak qadrlanadi, ularga chuqur hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo`lib kelinmoqda. Ashxobod shahrining markaziy ko`chalaridan biri Alisher Navoiy nomi bilan atalgan, mazkur ko`chada joylashgan «Ilhom» xiyobonida buyuk bobokalonimizga yodgorlik o`rnatilgan.

Turkmaniston poytaxtida buyuk o`zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning 580 yilligi va o`zbek xalqining shonli farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi keng nishonlandi.

Turkmaniston rahbariyatining mamlakat poytaxtida «Toshkent» bog`ini yaratish to`g`risidagi qarori 17 fevral kuni Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o`rtasida Ashxobodda bo`lib o`tgan muzokaralar yakunida e`lon qilindi. Mamlakatimiz tashqi siyosat mahkamasi rahbari O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston Prezidentiga maktubini etkazdi.

Mazkur uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat ijodiy va ilmiy arboblarning uchrashuvlari, madaniyat kunlari, umumiy merosni asrab-avaylash, turkman va o`zbek xalqlari do`stlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qo`shadigan ko`rgazmalar, konsertlar, festivallarni muntazam ravishda o`tkazish bo`yicha muvaffaqiyatli amaliyotni davom ettirish zarurligi to`g`risida hamfikrlik izhor qildi.

Ta`kidlash joizki, 18 fevral kuni Turkmaniston Qurilish va arxitektura vazirligi Ashxobod shahar hokimligi buyurtmasi asosida Turkmaniston poytaxtida «Toshkent» istirohat bog`ini loyihalashtirish va qurish uchun tanlov e`lon qildi.

Tender va unda ishtirok etish shartlari to`g`risidagi ma`lumotlar «Neytralny Turkmenistan» markaziy hukumat gazetasida e`lon qilindi.

    Boshqa yangiliklar