Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun o`tkazilgan yigirma uchinchi sessiyasida kambag`al oilalarni kambag`allikdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub`ektlarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilgan ishlar to`g`risidagi masala ham muhokama qilindi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Aholini kambag`allikdan chiqarish yuzasidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilinib, e`tibor qaratilishi lozim bo`lgan masalalar qayd etildi. Xususan, Kengash raisi E.Turdimov viloyat Kengashining har bir deputatiga 50 million so`mdan mablag` ajratishni taklif qildi.
Deputatlar o`z okrugidagi kamida 10 ta kambag`al oila ro`yxatini shakllantiradi va bu xonadonlarning tadbirkorlik bilan shug`ullanishi, imtiyozli kredit ajratilishini nazoratga oladi. Ushbu mablag` hisobidan ularga yordam beradi.
Shuningdek, deputatlar kambag`allikdan chiqarish bo`yicha bajarilayotgan ishlar natijadorligini monitoring qilib, yo`nalishlar kesimida o`z takliflarini berishi taklif qilindi.