“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” Qashqadaryo viloyati hududida tabiiy gaz va neft qazib chiqarilishini holatini o`rganmoqda.
Shuningdek, Boshqaruv raisi boshchiligida “Ko`kdumaloq” konida Muborak va Sho`rtan neft va gaz qazib olish boshqarma bosh mutaxassislari, majmua va kon boshliqlari ishtirokida tabiiy gaz va neft qazib olish muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.
Ushbu yig`ilishda joriy yilning ortda qolgan davrida tabiiy gaz va neft qazib olish ko`rsatgichlari tanqidiy ko`rib chiqildi.
Boshqaruv raisi tomonidan kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 1 mln kub metrga oshirish bo`yicha barcha zaruriy choralar ko`rish hamda birinchi chorakda 4063.3 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish bo`yicha topshiriq berildi.
O`z navbatida, burg`ilashdan chiqqan 4ta quduqni o`z vaqtida jihozlanmagani keskin tanqid qilindi.
Bundan tashqari, yig`ilish davomida konlardan qazib olinayotgan neft, gaz va kondensat hajmining kamayishini oldini olish bo`yicha majmua va kon boshliqlari bilan alohida konlar kesimida muhokama o`tkazildi.
Boshqaruv raisi qazib chiqarish hajmini oshirish, kamayishni oldini olish bo`yicha choralar ko`rish kerakligini, buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilganini ta`kidlab o`tdi.
Qazib chiqarish hajmi kamayishini oldini olish bo`yicha barcha kon boshliqlari, mas`ul mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berildi.
Jumladan, burg`ilash ishlari olib borilayotgan quduqlarning shleyf quvurlarini qisqa vaqt ichida tortish va quduqlarni o`z vaqtida mukammal ta`mirdan chiqarish kerakligi bo`yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig`ilishda boshqarmalar oldiga qo`yilgan neft, gaz va kondensat qazib olish ko`rsatgichlarini bajarilishi bo`yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning bajarilishinin konlar kesimida, har bir majmua va kon boshliqlari bilan alohida gaplashgan holda mavjud muammolarni o`rganib bartaraf etish bo`yicha kerakli mutaxassislarga ko`rsatmalar berildi.
Yig`ilish so`nggida, tabiiy gaz qazib chiqarilishida mavjud kamchiliklarga yo`l qo`ygan mas`ul xodimlar, tegishli mutaxassislarga nisbatan intizomiy jazo choralari ko`rilishi ma`lum qilindi va lavozimdan olish masalasi ko`rib chiqilishi ma`lum qilindi.