Kuni kecha e`lon qilingan Sog`liqni saqlash vazirining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o`tkazish to`g`risida”gi buyrug`i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog`liq faoliyati bo`yicha qat`iy choralar ko`rish, shu jumladan, ularning lisenziyalarini bekor qilish bo`yicha sudlarga da`vo arizalarini kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Ta`kidlanayotganidek, xususiy klinikalar “Tez yordam” kelmasdan, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermagan bir paytda, o`lim to`shagida yotgan bemorlarni ko`tarib kelganlarga hech kim yordam qilmagani uchunularga yordam berishga majbur bo`lgan. Shu bois, endi tajriba oshib, yangi davolash standartlari qabul qilinib, ahvol ancha engillashganda, aybni xususiy klinikalarga ag`darilayotganligidan norozi bo`lmoqda.
Shuningdek, xususiy tibbiyotga nisbatan bo`layotgan “o`gay”larcha munosabatdan, ularni hech kim himoya qilmayotganligidan, “xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo`q, dori-darmon yo`q, ular noto`g`ri davolaydi”, deb kamsitilayotganligidan taassuf bildirish bilan birga, “davlat klinikalarida mutlaqo to`g`ri davolanildimi? u erlarda kerakli hamma narsa bormidi? nega xususiy klinikalarga ham tavsiyalar, qo`llanmalar berilmadi?” kabi haqli e`tirozlarni keltirmoqda.
Vaholanki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi “O`zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga binoan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga istisno tariqasida 2020 yil 1 sentyabrga qadar tibbiy xizmat ko`rsatishga ruxsat berilgan. Sog`liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lumotiga ko`ra, poytaxtdagi faqat 7 ta xususiy klinika tegishli tartibda shartnoma imzolagan.
Shu o`rinda haqli savol tug`iladi, bu jami xususiy klinikalarga nisbatan necha foizni tashkil etadi, mutasaddilar tomonidan mamlakat uchun shunday kritik holatda xususiy tibbiyot tashkilotlari qay darajada mazkur xizmatlarni ko`rsatishlari uchun shartnoma tuzishga jalb etildi, rag`batlantirildi, imkoniyatlar yaratib berildi yoki jarayonga taklif etildi?!.
Shuningdek, qayd etilgan qarorga ko`ra mutasaddilarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo`llash yuzasidan amaliy ko`nikmalarni o`rgatish, ularning bino-inshootlarinidezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini ta`minlash, dezinfeksiya tadbirlarini to`liq amalga oshirish uchun etarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini ko`rish topshirilgan. Xo`sh, bu yo`nalishlarda qanday ishlar amalga oshirildi?!
Mazkur savollarga mutasaddilardan javob kutib qolamiz...
O`zbekiston Respublikasi“Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi Qonunining6-moddasida mutasaddilarga sog`liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni bir xilda rag`batlantiruvchi sharoitlar yaratish vazifasi yuklangan. 7-moddasida esa mamlakatda sog`liqni saqlashning davlat va xususiytizimlari yig`indisidan iborat yagona sog`liqni saqlash tizimi amal qilishi, shuningdek,xususiy tibbiyot muassasalariVazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro`yxatga muvofiq bemorlarga 20 foizga qadar bepul tibbiy xizmat ko`rsatishi va bu xizmatlar byudjet hisobidan moliyalashtirilishibelgilangan.
Xo`sh, yuqorida qayd etilgan qonun va qarorlarga mutasaddilar tomonidan to`la amal qilinyapti deya olamizmi?..
Mamlakatimizda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyatda mutasaddilar sog`liqni saqlash tizimining barcha bo`g`inlarini birdek ko`rib, butun e`tiborni vaziyatni yaxshilashga qaratmoqdami?Xususiy klinikalar ham boshqalar qatori davlat loyihalarigataklif etilmoqdami, ular mamlakat sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish jarayonlariga jalb etilmoqdami? Pandemiya sharoitida davlat tibbiyot tizimi og`ir ahvolga tushib qolganda,tizimning ma`lum “yuki”ni o`z zimmasiga olgannodavlat tibbiyot muassasalari vakillari hukumat tomonidan qanday rag`batlantirilmoqda?
Albatta, ushbu yo`nalishlarda ham mutasaddilardan javob kutib qolamiz...
Ijtimoiy tarmoqlarda to`g`ri ta`kidlanayotganidek, investorlar tomonidan yurtimizda tibbiyot muassasalari qurilib, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari olib kelinishi, umuman, tizimga investisiyalar qilinishisog`liqni saqlashning davlat va xususiytizimlari yig`indisidan iborat yagona tizimning qay darajada taraqqiy etganiga bog`liq. Shuning uchun tegishli davlat organlaridan qo`yilgan savollarga javoblar bilan birga, mamlakat tibbiyot tiziminisog`lomlashtirish bo`yicha taklif va tavsiyalarham kutamiz.






