Kecha, 20 fevral kuni Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva AOKAda bo`lib o`tgan brifingda shaxsni obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborot tarqatish oqibatlari haqida ma`lumot berdi.
"Qonunchilikda axborotni Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatishning tartiblari belgilab qo`yilgan. Jumladan, O`zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to`g`risida”gi qonunning 121-moddasida belgilanishicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog`idagi o`z veb-saytiga yoki veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to`g`riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto`g`riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o`chirib tashlashi shart.
Shuningdek, qonunchilikka ko`ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet tarmog`ida tarqatish BHMning 50 baravari (12 mln 250 ming so`m) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Agarda yolg`on axborot tarqatganlik uchun ma`muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo`l qo`ysa, BHMning 400 baravarigacha (98 mln so`m) miqdorda jarimaga tortilishi yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi bilan jazolanishi mumkin",–deydi Sevara O`rinboeva.






