Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan hokim qarorini soxtalashtirib, aslida yo`q bo`lgan uylarni 100 ming dollarga sotmoqchi bo`lgan guruh a`zolari jinoyat ustida, daliliy ashyolar bilan qo`lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yil 17 fevral kuni Toshkent viloyati IIBBga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.T. ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida Dilnura, Nodira va Aziz ismli shaxslar Nurafshon shahrida joylashgan (aslida hech qaerda ro`yxatda bo`lmagan) 3 ta hovlini kadastr hujjatlarini qalbakilashtirib, 100 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo`layotganini ma`lum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur arizaga asosan, 19 fevral kuni Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi xodimlari va sohaviy xizmat xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o`tkazilgan.
Tadbir davomida Nurafshon shahrida yashovchi 1980 yilda tug`ilgan Dilnura A. (hozirda firibgarlik, va pora berish jinoyatlari bilan tergov ostida bo`lgan), tanishlari 1997 yilda tug`ilgan Aziz G`. (2019 yilda firibgarlik jinoyati bilan sudlangan), va 1997 yilda tug`ilgan Nodira I. lar ariza muallifidan talab qilingan pullarning 30 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo`lga olingan.
Ushlangan shaxslardan: 30 ming AQSh dollari miqdoridagi naqd pul, Nodira I. va Gulnora A. nomiga rasmiylashtirilgan Nurafshon shahar “Navro`z” MFYda joylashgan “18-A” va “18-B” raqamli va Dilnura A. nomiga rasmiylashtirilgan “Istiqlol” MFYda joylashgan 10-raqamli uylarning qalbakilashtirilgan (hokim qaror va boshqalar) kadastr hujjatlari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.
Hozirda qo`shimcha surushtiruv ishlari olib borilmoqda.






