1

Qotillikka undagan janjal

Jinoyat 12.02.2016, 11:27
Qotillikka  undagan  janjal
Salim aka (ism-shariflar o`zgartirilgan) to`rtta qizdan keyin uzoq  vaqt o`g`il farzand ko`rishni orzu qildi, ammo xotinining sog`ligi yaxshi emasligi uchun shifokorlar unga farzand ko`rishni taqiqlashdi. Karima eri unga hech nima demasa-da, o`g`li yo`qligidan o`ksishini ich-ichidan his qilar, bularning barchasiga o`zini aybdor hisoblardi. U uzoq o`yladi va “Erim o`g`il ko`rish uchun boshqa ayolga uylanishi kerak” degan qarorga keldi.

– Dadasi, – deb gap boshladi Karima, – sizdan mingdan-ming roziman, ammo meni deb bu dunyodan armon bilan o`tib ketishingizni istamayman. Uylaning, men roziman. Sizga o`g`il kerak, ammo bu baxtni men sizga hadya etolmayman.
– Karima, nimalar deyapsan? Men qizlarimni hech kimga almashtirmayman, bu gapni ikkinchi og`zingga olma, – dedi Salim aka.
Oradan kunlar, oylar o`tdi. Karima aytganidan qaytmadi. O`zi eriga jufti halol qidira boshladi. Shunday kunlarning birida qo`shni mahallada yashovchi turmushidan ajrashgan, bir o`g`il, bir qizning onasi bo`lmish Xadichaga dardini yordi. Xadicha savdo bilan shug`ullanar, o`ziga to`q ayol edi. Uning hech nimadan kamchiligi bo`lmasa-da, ba`zida ro`zg`orda erkak kishi bajarishi lozim bo`lgan ishlardan charchab qolar, farzandlari ota mehridan bebahra o`sayotganligidan siqilardi.
Ikki ayol uzoq dardlashishdi. Karima Xadichani eriga turmushga chiqishga, agar o`g`il farzand ko`rsa, o`zi boqib katta qilishga ko`ndirdi. Salim aka endi ikki ro`zg`orning egasiga aylandi. Oradan ko`p vaqt o`tmay, Xadicha o`g`il farzand ko`rdi. Uni etuk va mukammal inson bo`lishini istab, Komil deb ism qo`yishdi. Komilning tug`ilishidan hammadan ko`ra ko`proq Karima xursand bo`ldi. U chaqaloqni avval kelishganday, tug`ruqxonadan to`g`ri o`zining uyiga olib ketdi. Komilni opalari, onasi eru-ko`kka qo`ymay katta qilishdi. U maktabni bitirib, tumandagi qurilish kasb-hunar kollejiga o`qishga kirdi.
Qishloqda birorta to`y bo`ladigan bo`lsa, bundan butun qishloq yoshlari xursand bo`ladi, chunki yigit va qizlarning aynan shu to`ylarda bir-biriga nazar tashlashiga imkon tug`iladi. Komil ham qo`shni mahallada to`y borligini eshitib, do`sti Sardor bilan to`y tomosha qilishga otlandi. Unga opasi Nasiba ham ergashdi. To`yxonaga etib borgach, opasi to`yga kelgan dugonalarining oldiga ketdi. Komil bilan Sardor to`yni anchagacha tomosha qilishdi.
– Sardor, vaqt ham allamahal bo`ldi, endi uyga qaytsak ham bo`lar, – dedi Komil.
– To`g`ri aytasan, ketdik, – dedi Sardor.
Ular ko`chaga chiqqan payt Komilning telefoni jiringladi.
– Komil, qaerdasan? – go`shakdan opasi Nasibaning ovozi yangradi.
– Ko`chada turibman, uyga qaytmoqchiman, ketasizmi?
–Ha, ketaman, birpas shoshmay tur, dugonalarim bilan kelinning uyini tomosha qilib chiqay, birga ketamiz, – dedi Nasiba.
– Yaxshi, ko`chada kutaman, – dedi Komil.
U cho`ntagiga telefonini solish uchun qo`l suqqanda qo`li har doim yonida olib yuradigan yig`ma pichoqqa tegdi va uni chiqardi.
– Komil, nimaga yoningda pichoq ko`tarib yuribsan? – so`radi Sardor.
–Bundan ikki yil oldin “Xo`jaipok” ziyoratgohiga borganimda shu pichoqni yoqtirib, sotib olgandim, o`shandan beri yonimdan qo`ymayman, – dedi Komil uni yana qaytarib cho`ntagiga solarkan.
U Sardor bilan to`ydagi voqealar to`g`risida gaplashib, kulishib turganida, ularning yoniga o`zlari qatori ikki o`spirin — Nazir va Sanjarlar yaqinlashdi.
– Hey, menga qara, sen kimni ustidan kulyapsan? – dedi Sanjar Sardorga qarab va shartta kelib uning bo`g`zidan oldi. Sardor gapirishga harakat qildi, ammo bolaning qo`li tomog`idan qisib turgani uchun ovozi chiqmay, tipirchiladi.
– Qo`yvor uni, – dedi Komil begona bolaga qarab.
–Qo`ymasa, nima qilasan? – dedi Nazir va Komilning qorniga musht tushirib, tepkilay boshladi. Kutilmagan zarbalardan erga qulagan Komilning cho`ntagidan telefoni tushib, batereyasi otilib ketdi. Nazir erdan telefonni olib, cho`ntagiga soldi.
– Telefonimni qaytarib ber.
– Endi telefonni tushingda ko`rasan! – dedi Nazir.
Komil Nazirga tashlanib, ular yoqalashib ketishdi. Sanjardan kaltak eb, uning qo`lidan bazo`r qutulgan Sardor esa jarlik tomonga qochdi. U jarlik yonidagi ko`cha orqali to`yxonaga chiqib, yong`oq daraxti tagida to`xtadi. U to`y tomosha qilayotgan qishloqdoshi Ahmadni ko`rib, “bolalarni chaqir, pastki mahallaning bolalari janjal qilib, meni urishdi. Ular hozir Komilni kaltaklashayapti”, dedi.
Nazir Komilning ustiga chiqib olib, uni qo`li bilan mushtlar, Komil esa tipirchilab unga qarshilik qilardi. Unga kuchi etmasligini sezgan Komil cho`ntagidan yig`ma pichoqni chiqardi. U Nazir pichoqdan hayiqsa kerak deb o`ylagandi, ammo aksincha, Komilning bu qilig`idan Nazirning battar jazavasi qo`zidi. Komil uni qo`rqitish maqsadida pichoqni uning oyog`iga urdi, ammo Nazir urishdan to`xtamadi. Shundan keyin Komilning ham g`azabi qaynab, pichoqni Nazirning duch kelgan joyiga sanchdi. Og`riqdan o`ziga kelgan Nazir jon holatda to`yxona tomonga yugurdi va bir necha qadamdan keyin erga quladi.
Komil esa shosha-pisha o`rnidan turib, to`yxonada kelin-kuyov uchun qurilgan sahna ortiga o`tib, atrofni kuzata boshladi. Odamlar “janjal bo`lib, bir bolani pichoqlashibdi, uni kasalxonaga olib ketishyapti”, deb ko`chaga shoshilishgandan keyin sekingina uyi tomon jo`nadi. U yo`lda ko`ylagi yirtilganligi uchun uni echib, qo`ltig`iga qistirib oldi. Uyga kelgach, qonga botgan pichoqni hojatxonaga tashladi. Uyda uni qizi Nasibadan to`yda janjal bo`lganini eshitgan onasi Karima opa xavotirlanib, kutib o`tirardi. O`g`lining ko`ylaksiz kelganini, shimiga tomgan qon dog`larini ko`rgan onaning o`takasi yorildi.
– Nima bo`ldi, tinchlikmi bolam?
–To`yda notanish bola bilan janjallashib, uni pichoqlab qo`ydim, – dedi Komil.
–Pichoqni qaerdan olding? Qani u? – dedi qo`rquvdan tizzalari qaltiragan ona.
–Jarlikka tashlab yubordim, – dedi Komil onasini aldab.
U uyga kirib, o`zini to`shakka tashladi. Oradan hech qancha vaqt o`tmay, ichki ishlar xodimlari kelib, uni o`zlari bilan olib ketishdi.
Endigina 17-18 yoshga kirgan o`spirinlarning o`zlarini tutishlari, arzimagan narsadan janjal chiqarishlari qotillikka sabab bo`ldi va natijada yoshgina yigit hayotdan ko`z yumdi, qotil degan nom olgan Komil esa panjara ortiga yo`l oldi. Agar Komil cho`ntagida pichoq olib yurmaganda, Nazir uning telefonini tortib olib, kaltaklamaganda voqea bunday yakun topmagan bo`lardi. Ayb kimda? Qonunni yaxshi anglamagan o`spirinlardami yoki ularning ta`lim-tarbiyasiga etarlicha e`tibor bermagan ota-ona, o`qituvchilar va mahalladami?  
 
Lola Shoimova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1