AsosiyJamiyat

Poytaxtda ikki yo`nalishda metrobuslar harakati yo`lga qo`yilishi rejalashtirilmoqda

'Poytaxtda ikki yo`nalishda metrobuslar harakati yo`lga qo`yilishi rejalashtirilmoqda'ning rasmi

Toshkent shahrining transport xizmatlari sifatini oshirish va uzoq muddatli strategik rivojlantirish maqsadida alohida bo`laklarda harakatlanuvchi tezyurar avtobus xizmatini tashkil etish bo`yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Shahboz G`ofurov ma`lum qildi.

 

Mazkur BRT (Bus Rapid Transit) metrobuslar temir yo`l liniyasisiz maxsus yo`nalish bo`ylab harakatlanadi. Hozirda xorijiy konsultantlar tomonidan 2ta yo`nalishda (Chilonzor buyum bozori - Chorsu savdo markazi, TTZ - Chorsu) metrobus xizmatini tashkil etish taklif etilmoqda.

«Birinchi bosqichda Chilonzor buyum bozori – Chorsu Savdo markazi yo`nalishi pilot loyihasi sifatida yo`lga qo`yiladi. TTZ – Chorsu yo`nalishi esa bu loyihaning ikkinchi bosqichi bo`lib, birinchi yo`nalish natijalariga qarab ishga tushiriladi. Abu Saxiy va Chorsu bozorlarini bog`laydigan yo`nalish uzunligi 17,7 km bo`lib, bir kunda o`rtacha 42 ming yo`lovchiga xizmat ko`rsatishi rejalashtirilgan», deydi Shahboz G`ofurov.

Mazkur loyiha «Toshkent shahar transport va yo`l-transport infratuzilmasini 2020-2030 yillarda rivojlantirish bosh rejasi» konsepsiyasi loyihasi yuzasidan ishlab chiqilib, amalga oshirish uchun taklif etilmoqda. Loyihaga ko`ra mazkur yo`nalishda 26ta avtobus oraliq bekatlari bo`lib, avtobuslarning o`rtacha tasarruf (eksplutasion) tezligi 25,5 km/s.ga teng bo`ladi. Yo`nalishdagi avtobuslar soni 23tani (shundan 17tasi 17 metrlik va 5tasi 24 metrlik avtobuslar xarid qilish rejalashtirilgan), yo`nalishning o`rtacha vaqti 42,4 daqiqani, oraliq interval o`rtacha 5 daqiqani tashkil etadi.

Hozirda mazkur qaror loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayoni olib borilmoqda. Bundan ko`zlangan maqsad yo`nalishdagi tezyurar avtobuslarning harakatlanish tezligini 25 foizga oshirish, svetoforlar fazalarini o`zgartirish orqali transport vositalarining to`xtab turish vaqtini 48 foizga kamaytirishdan iborat. Shunda jamoat transportida eng uzoq magistral yo`nalish bo`yicha harakatlanish vaqti o`rtacha 45 foizga kamayadi. Bu tizim yaratilishi orqali aholining bir manzildan ikkinchi manzilga avtomobildan ko`ra jamoat transportida tezroq etib borishi ta`minlanadi. Ushbu loyiha 2021 yilning 1 sentyabriga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar