AsosiyJamiyat

2021 yil - Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to`g`risidagi qonun qabul qilinadi -- Prezidentning BMT sessiyasidagi nutqidan

'2021 yil -  Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to`g`risidagi qonun qabul qilinadi -- Prezidentning BMT sessiyasidagi nutqidan'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi e`lon qilindi.

Unda davlatimiz rahbari O`zbekistonda demokratik o`zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatining 7 ta ustuvor yo`nalishlarini sanab o`tgan.

" Birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta`minlash O`zbekistondagi islohotlarda eng muhim o`rinda turadi.

2030 yilgacha mo`ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta`minlashni ko`zda tutadigan “hech kimni e`tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Bu o`rinda so`z Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo`yicha milliy strategiyani amalga oshirish to`g`risida bormoqda.

Ikkinchidan, biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat`iy davom ettiramiz.

Joriy yilda O`zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o`tkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Uchinchidan, alohida ehtiyojga ega bo`lgan shaxslarning huquqlarini ta`minlashga jiddiy e`tibor qaratiladi.

Yaqinda Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O`zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyani ratifikasiya qilishi kutilmoqda.

Biz imkoniyati cheklangan shaxslarning o`z qobiliyatini to`la ro`yobga chiqarish masalalari bo`yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz.

To`rtinchidan, aholimizning yarmidan ko`pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelmoqda.

Joriy yil O`zbekistonda “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e`lon qilindi.

Bu borada biz:

- Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo`yicha butunjahon konferensiyasini o`tkazish;

- BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o`ninchi forumida Yoshlar huquqlari to`g`risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish;

shuningdek, Yoshlar huquqlari bo`yicha maxsus ma`ruzachi institutini ta`sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko`rmoqdamiz.

Beshinchidan, biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo`yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo`ldi.

2021 yilda, ya`ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to`g`risidagi qonunni qabul qilamiz.

Oltinchidan, “Inson huquqlari sohasida ta`lim” deklarasiyasining 10 yilligiga bag`ishlab biz Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o`tkazishni taklif etamiz.

O`qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg`armasiga o`z hissamizni qo`shmoqchimiz.

Ettinchidan, Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi bo`lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo`yicha qat`iy choralar ko`rish to`g`risidagi taklifini qo`llab-quvvatlaymiz.

Birgina o`tgan yilning o`zida 50 ming nafar vatandoshimiz O`zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo`ladi" - deyiladi prezident nutqida.

 

Shavkat Mirziyoev bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O`zbekistonda so`z erkinligini har tomonlama qo`llab-quvvatlashni qat`iy maqsad qilganligini ta`kidlagan.

" -- Shu asnoda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to`g`risida kodekslar ishlab chiqilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining din yoki e`tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo`yicha maxsus ma`ruzachilarining tavsiyalarini alohida e`tiborga olganmiz.

Inson huquqlari bo`yicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini ko`rib chiqishni taklif etamiz.

Qiynoqlarning oldini olish bo`yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini erga uradigan, insoniylikka zid bo`lgan qiynoqlarning har qanday ko`rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo`l qo`ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat`i nazar, ular uchun jazo muqarrardir.

Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikasiya qilamiz.

Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachini O`zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko`ryapmiz," -- deyiladi ma`ruzada.

 

Prezident o`z nutqida O`zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat`iy sodiq qolishini ta`kidlagan.

"Shu bilan birga, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo`lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo`llab-quvvatlashiga umid qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz.

Bu borada mandatga ega bo`lgan barcha vakillarning O`zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz.

Shuningdek, Osiyo qit`asining inson huquqlari bo`yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko`rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko`mak berishga tayyormiz", - deyiladi nutqda.

 

Davlatimiz rahbari nutqining yakunida O`zbekiston Inson huquqlari bo`yicha kengash a`zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e`tirof etilgan prinsip va normalarini qat`iy himoya qilishi va faol ilgari surishini aytgan. 

    Boshqa yangiliklar