Bugun, 23 fevral kuni xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining yigirma sakkizinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Uni viloyat hokimi Botir Zaripov boshqarib borgan.
Vidokonferensaloqa shaklida o`tkazilgan yig`ilishda shahar-tumanlar studiyalaridan sektorlar rahbarlari va boshqa mas`ullar ham qatnashishdi.
Sessiya kun tartibidagi birinchi-viloyat hududida 2020 yil 12 oyida qonuniylik hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning holati to`g`risidagi masala yuzasidan viloyat prokurori Mahmud Istamovning axboroti eshitildi.
Aholi bandligini ta`minlash sohasida soxta ma`lumotlar kiritish va pul mablag`larini talon-toroj etish bilan bog`liq tizimli muammolarga hanuzgacha barham berilmaganligi aniqlandi.
Vobkent, Qorako`l, Qorovulbozor, Shofirkon, G`ijduvon, Olot va Buxoro tumanlarida 492 ta haqiqatda yaratilmagan ish o`rinlari hisobotlarga qo`shib yozilgan.
G`ijduvon, Romitan, Buxoro va Shofirkon tumanlarining bandlikka ko`maklashish markazi mansabdor shaxslari tomonidan jami 114 mln 400 ming so`mlik pul mablag`lari turli yo`llar bilan talon - toroj qilinganligi aniqlangan.
Voyaga etmaganlar haqidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat sohasida viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan voyaga etmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va qarovsizlikning oldini olish, bu toifadagi bolalarning ijtimoiy himoyasini ta`minlash maqsadida “Bola himoyasi” elektron dasturiy tizimi “Buxoro tajribasi” sifatida yaratilib, sinov tariqasida ishga tushirildi.
Natijalarga qaraydigan bo`lsak, elektron tizim sinov tariqasida ishlagan qariyb ikki oy davomida 493 nafar qarovsiz qolgan bolalar aniqlanib, ularni 386 nafariga vasiy tayinlandi, 107 nafariga homiy belgilandi.
Hozirda ushbu elektron dasturni Bosh prokuratura tomonidan tegishli vazirlik va idoralar o`rtasida integrasiya qilish hamda respublika miqyosida ommalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.