Hukumat qarori bilan Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan mablag`lar hisobidan ipoteka kreditlari ajratish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.
Nizomga ko`ra, Moliya vazirligi tomonidan banklarga ajratiladigan mablag`lar va banklar tomonidan qarz oluvchilarga beriladigan ipoteka kreditlari:
- 20 yildan ko`p bo`lmagan muddatga bozor (foiz) stavkasida ajratiladi;
- ular uchun annuitet to`lovlar tartibi tatbiq etiladi va imtiyozli davr belgilanmaydi;
- foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda o`zgarishsiz qoladi.
Mazkur nizom qoidalari:
- shahar va qishloq joylarda qurilgan birlamchi uy-joy bozorida ko`p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olishda;
- Toshkent shahri, Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlarida tajriba tariqasida 2020 yil 1 maygacha umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan er uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish (qayta qurish) uchun ipoteka kreditlarini ajratishda qo`llaniladi.
Shunga ko`ra, banklar va qarz oluvchilarga nisbatan muvofiqlik mezonlari va ularga mablag`lar ajratish tartibi belgilandi.
Fuqarolarga ipoteka krediti banklar tomonidan:
- bozor stavkasida;
- 20 yildan ko`p bo`lmagan muddatga;
- boshlang`ich badali tajriba o`tkazilayotgan viloyatlarda yakka tartibda qurilayotgan uy-joy qiymatining 10 foizidan kam bo`lmagan miqdorda;
- sotib olinadigan kvartira qiymatining qishloq joylarda kamida 10 foizi, shaharlarda kamida 20 foizi miqdorida;
- qishloq joylarda va shaharlarda – 1 va 2 xonali kvartiralar uchun 240 mln so`mgacha, 3 va undan ko`p xonali kvartiralar uchun 320 mln so`mgacha;
Toshkent shahrida – 1 va 2 xonali kvartiralar uchun 264 mln so`mgacha, 3 va undan ko`p xonali kvartiralar uchun 352 mln so`mgacha beriladi.
Mazkur tartib yakka tartibdagi uy-joy qurlishiga ruxsat olib, lekin keyinchalik birlamchi bozorda sotish maqsadida qurilgan ko`p kvartirali uylardagi kvartiralarni ipoteka kreditlari orqali sotishga tatbiq etilmaydi.