G`ofir Jamalov Namangan shahri hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi ma`lum qildi.
Viloyat hokimligining xabariga ko'ra, bugun, 23 fevral kuniXalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi.
Sessiyada viloyat markazida bugungi kunda mavjud muammolar muhokama qilindi. Jumladan, shahar sektorlari rahbarlarining reytingdagi o`rinlari pastligi, eksport rejalari bajarilmagani, bandlik, mahallalarni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlariga etarlicha e`tibor qaratilmagani tanqid qilindi.
Sessiyada tashkiliy masala ko`rildi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Namangan shahri hokimligiga shu paytga qadar Toshkent shahar hokimining o`rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish bosh boshqarmasi boshlig`i bo`lib ishlab kelgan G`ofir Jamalov nomzodini taklif qildi.
Deputatlar va faollar nomzod yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Nomzod ular tomonidan ma`qulandi.
G`ofir Jamalov 1974 yilda Namangan shahrida tug`ilgan. 1997 yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini, 2006 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
1997—2009 yillar davomida Namangan shahri va Namangan viloyati hokimliklarida turli mas`ul lavozimlarda mehnat qilgan.
2009—2020 yillarda Iqtisodiyot vazirligi bosh mutaxassisi, bo`lim boshlig`i, Uy-joy, kommunal xizmat vazirining o`rinbosari bo`lib ishlagan.
G`ofir Jamalov 2020 yildan to shu kunga qadar Toshkent shahar hokimining o`rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish bosh boshqarmasi boshlig`i sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Mavzuga doir:






