AsosiyJamiyat

Aksiya-mi yoki askiya? Yohud «Soca-Sola» promo-aksiyasining mojarosi

'Aksiya-mi yoki askiya? Yohud «Soca-Sola» promo-aksiyasining mojarosi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan «Coca-Cola Uzbekistan, LTD» MChJ kompaniyasi tomonidan «O`zbekistonda Yangi yil Promo-aksiyasi 2020» doirasida ko`plab qimmatbaho sovrinlar o`ynalgani hamda unda millionlab iste`molchilarning ishtirok etganligi va sovrinlarni qo`lga kiritganligi aholining katta qismida qiziqish uyg`otdi. Mazkur aksiya doirasida yurtdoshlarimiz ko`plab sovrinlarni qo`lga kiritib, yangi yilni o`zgacha kayfiyat bilan kutib olgan bo`lsa ajab emas. Bu kabi aksiyalarning Markaziy Osiyodagi eng yirik o`ttiz milliondan ortiq iste`molchi bozoriga ega bo`lgan davlatda o`tkazilishi kompaniyaning imijiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatmasdan qolmaydi albatta, ammo bunday keng qamrovli o`yinlarda qandaydir muammo paydo bo`lishi tabiiy hol.

Yangi yilda yangicha kayfiyat

Yaqinda O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga kompaniya tomonidan o`tkazilgan Promo-aksiyada bosh sovrin hisoblangan «Nissan Sylphy» avtomobillaridan birining g`olibiga aylangan Normatov Sayfiddin murojaat qilib, 2021 yil 14 yanvar kuni «ZoʻrTv» telekanalidagi jonli efirda u tomonidan o`ynalgan « DIP440NR » proma kodli qopqoq g`olib deb topilgani, jonli efirda u bilan telefon orqali bog`lanishganligini hamda «Nissan Sylphy» avtomobilini qo`lga kiritganligini ma`lum qilishganligini, bundan judayam xursand bo`lganligini ma`lum qilgan.

Umri qisqa bo`lgan quvonch

Ammo, hozirda u tomonidan «Coca-cola classic» mahsulotini xarid qilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan «DIP440NR» proma kodli qopqog`i voyaga etmagan qizi tomonidan chiqindi sifatida tashlab yuborilganligi sababli, unga yutuq sifatida chiqqan avtomobilni kompaniya tomonidan berilishida muammolar yuzaga kelganini ma`lum qilgan.

Albatta ushbu holatda Coca-cola kompaniyasining e`tirozlari o`rinli bo`lishi mumkin, sababi Promo-aksiya qoidalariga ko`ra proma kodli qopqoqlar aksiya yakuniga qadar iste`molchida saqlanishi lozim bo`lgan. Ammo tanganing ikkinchi tomoniga qaraydigan bo`lsak, iste`molchi tomonidan ataylab sodir etilmagan, uning irodasiga bog`liq bo`lmagan holda yo`qotilganligini inobatga olib, istisno tariqasida avtomobilni topshirishi kompaniyaning statusiga munosib bo`lgan bo`lar edi.  

Aksiyani o`tkazishdan asl maqsad nima?

Albatta bu kabi yutuqli o`yinlarda muayyan maqsad ko`zlanadi. Asosan  bunday aksiyalar iste`molchi va kompaniya o`rtasida o`zaro iliqlikni paydo qilib, xaridorlarda kompaniyaga nisbatan ihlosini oshirishdan iborat bo`ladi. Arzimagan sababni ro`kaj qilib, xaridorning «og`zidagi oshini» yulib olib, xafsalasini pir qilish qaysi qonunda yozilgan? Vatan himoyasi yo`lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan bu shaxsning manfaatiga bunday bepisandlik bilan yondashish maqsadga muvofiq bo`lmas edi. 14 yanvar kuni bir xarbiyning xonadoniga kirib kelgan ushbu quvonchning umri qisqa bo`lgani alam qilarli holat. Qiziq, shu o`rinda savol tug`iladi, yutuqli qopqoq yo`qolgani bilan, ushbu kod haqiqatda bo`lganini tasdiqlovchi registrasiya mavjudligi etarli emasmi? Yoki kompaniya bunday qanaqadir manfaat kutganmikan?  

O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi ushbu kazusni o`rganib chiqib, xalqaro e`tirof etilgan normalar va qadriyatlarga tayangan holda, inson, uning sha`ni va qadr qimmatini oliy darajadagi masala sifatida tan olib, fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin)ga promo-aksiya g`olibi sifatida «Nissan Sylphy» avtomobilini topshirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

    Boshqa yangiliklar