Kuni kecha bir guruh tadbirkorlik sub`ektlari soliq idoralari xatti-harakatiga norozilik bildirganlaridan barchaning xabari bor. Ushbu “oxiriga etmay” ko`rilgan choralardan zarar ko`rgan yirik tashkilotlar safida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati ham bor. Bu haqda Jamiyat Matbuot xizmati xabar berdi.
"Talabga muvofiq har bir bitimning qonuniyligi va haqiqiyligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, kontragentni tanlashda lozim darajada ehtiyotkorlik qilganligini va mol etkazib beruvchining o`z shartnomaviy majburiyatlarini bajarganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etildi.
Har bir holatni alohida chuqur tanqidiy ko`rib chiqilishi natijasida taqdimnomada keltirilgan 18,8 mlrd. so`mlik holatdan 530 mln. so`mlik shartnomalarida (ya`ni 2,8% qismi) bitim tuzgan mahsulot etkazib beruvchi tashkilotlar to`lashlari lozim bo`lgan qo`shimcha qiymat solig`ini to`lamaganliklari aniqlandi.
Insofsiz tadbirkorlar tomonidan to`lanmagan 69 mln. so`m qo`shimcha qiymat solig`i aybdor shaxslardan undirildi va o`rnatilgan tartibda soliqqa yo`naltirilmoqda.
Achinarlisi shundaki, shubhali kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalarning aksariyat qismi tovar xom ashyo birjasi savdo platformalari orqali rasmiylashtirilgan. Ushbu yo`nalishda “O`zbekiston temir yo`llari” AJ Davlat soliq qo`mitasiga kontragentlarni ishonchli soliq to`lovchi korxonaligi o`rganilganidan so`ng tovar xom ashyo birjasi savdo platformalariga qo`yilishi bo`yicha o`z taklifini kiritdi.
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati o`zining “ishonchli soliq to`lovchi” imijini saqlab qolish yo`lidagi sa`y-harakatlarini davom ettiradi", - deyiladi rasmiy xabarda.
Sal avval Davlat soliq organlari va tadbirkorlar o`rtasidagi QQS mojarosi senatorlar tomonidan nazoratga olinganligi xabar qilingan edi.