Ayni paytda A-373 avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovonida kuchli qor yog`moqda. Bu haqda “Qamchiqavtoyo`l” ixtisoslashtirilgan yo`llardan foydalanish unitar korxonasi O`zAga xabar bergan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining ma`lumotida fevralning oxirgi va mart oyining dastlabki kunlarida respublikamizda havo harorati keskin pasayib, yog`ingarchiliklar bo`lishi aytib o`tilgandi.
Kecha A-373 “Toshkent – O`sh” avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovonida qor yog`ishi boshlangan. Ayni vaqtda Qamchiqda kuchli qor yog`moqda. Qor qalin yog`ayotgani uchun yo`lning ko`rinishi 100-50 metrgacha qisqargan. Havo harorati 6 daraja sovuq. Qor qalinligi yo`l atrofida 40 sentimetrga, tog` yon bag`irlarida esa 1,5 metrga etgan.
Mazkur holat dovon yo`llarida avtomashinalarning erkin harakatlanishiga noqulayliklar tug`dirayapti. "Qamchiqavtoyo`l" ixtisoslashtirilgan yo`llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan dovon yo`llari qor va muzlamadan muntazam ravishda tozalanmoqda. Yo`llarni qordan tozalashga qariyb 120 ta texnika safarbar qilingan. Ayni vaqtda dovon yo`llari peshma-pesh tozalanib, transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakati ta`minlanayapti.
"Qamchiqavtoyo`l" ixtisoslashtirilgan yo`llardan foydalanish unitar korxonasi transport hodisalari bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, dovondan o`tish uchun yo`lga chiqqan haydovchilardan avtomobillarning texnik holatini e`tiborga olish, dovon orqali etarli darajada yoqilg`i-moylash mahsulotlari bilan harakatlanish, shinalarning mustahkamligini ko`zdan kechirish va hushyorlikni yanada oshirishni so`rab qoladi.
Shuningdek, “Qamchiq” dovonidagi bunday qorli ob-havo ertaga 25 fevralda ham davom etishi mumkin.






