Mamlakatimizda milliy vaksinasiya jarayonlariga tayyorgarlik boshlanganidan xabaringiz bor. Xo`sh, vaksinalarni saqlash va hududlarga etkazib berish uchun sharoitlar qay darajada?
Bu savolga javob olish uchun SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`ining o`rinbosari Nurmat Atabekovga murojaat qildi:
" — O`tgan yillar davomida jami 21 ta vaksina saqlash omborlari, shu jumladan, 1 ta milliy, 14 ta mintaqaviy va 6 ta tuman omborlari qurilishi qo`llab-quvvatlangan edi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo`yicha 16 ta vaksina ombori qurib bitkazilib, 29 ta maxsus sovutkichlar vaksina omborlariga o`rnatildi.
Qolgan 5 ta vaksina omborxonasi esa 2021 yilning birinchi choragi oxirigacha qurib, foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Joriy yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar milliy omborxona ham qurib bitkaziladi.
Barcha omborlarga yong`in xavfsizligi va signalizasiya tizimi o`rnatilgan bo`lib, ulardagi mavjud sovuqlikni ta`minlab berish tizimlari zamonaviy generatorlar va stabilizatorlarga ulangan.
Shuningdek, vaksinalarni xavfsiz va tezkor tashish uchun yurtimizga jami 17 ta avtorefrijirator, 206 Miniven-Labo avtomashinalari keltirildi.
Viloyatlarga jami 34 ta muzxona, 10 121 dona termokonteyner va termosumka, 749 ta muzlatkich, birlamchi davolash-profilaktika muassasalariga 2 mingdan ortiq sovutkich o`rnatilgan.
Barcha omborlar vaksinalarni yuklash-tushirish uskunalari, avtokaralar va maxsus kiyimlar bilan ta`minlandi.
Bundan tashqari, hududlarga jami 4000 harorat indikatori va 5000 muzlatish indikatori tarqatildi, ehtiyot qismlari zahirasi yaratilib, mavjud omborlar ixtiyoriga o`tkazildi.
Olib borilgan ana shunday tadbirlar natijasida immunoprofilaktika dasturlarining o`z vaqtida, to`liq ijro etilishi orqali yurtimizda nafaqat koronavirus, balki boshqa boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bo`yicha epidemik barqarorlikka erishilmoqda, – deydi Nurmat Atabekov.






