AsosiyJamiyat

Qishloq xo`jaligi vazirligi tuzilmasida yangi boshqarma va bo`linmalar tashkil etilmoqda

'Qishloq xo`jaligi vazirligi tuzilmasida yangi boshqarma va bo`linmalar tashkil etilmoqda'ning rasmi

“Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori  qabul qilindi.  

Qarorga muvofiq, Qishloq xo`jaligi vazirligi tuzilmasida agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga mas`ul bo`lgan vazir o`rinbosari lavozimi kiritildi.  

 Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmalari tashkil qilindi.  

Shuningdek, 2021 yil 1 martdan vazirlikka to`g`ridan-to`g`ri bo`ysunuvchi Qishloq xo`jaligi erlarini muhofaza qilish bo`yicha davlat nazoratini amalga oshirish boshqarmasi va uning hududiy bo`limlari tashkil etiladi.  

Vazirlik huzuridagi “Monitoring xizmati” davlat muassasasi va vazirlik markaziy apparatidagi Ichki nazorat xizmati negizida Ichki audit va komplaens-nazorat boshqarmasi tashkil etildi.  

Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligining “O`zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti hududiy bo`linmalari balansida turgan bino-inshootlar 2021 yil 1 martdan Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimiga o`tkaziladi.  

Qarorga ko`ra, Qishloq xo`jaligi vazirligiga bir qator huquqlar berildi. Vazirlik, jumladan, qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida to`g`ridan-to`g`ri ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risida bayonnomalar rasmiylashtirish va aybdor shaxslarni jarimaga tortishi mumkin.  

Bundan tashqari, Kadastr agentligi tizimidagi Respublika aerogeodeziya markazining Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardagi hududlararo bo`linmalari tashkil etildi.

2021 yil 1 iyulga qadar erga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar to`plamini shakllantirish va ularni ko`rib chiqish monitoringini yuritish bo`yicha “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi. 

    Boshqa yangiliklar