Hukumat qarori (99-son, 23.02.2021 y.) bilan Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy to`lovlar bo`yicha kompensasiya pul to`lovlarini to`lash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko`ra, 2021 yil 1 martdan fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy to`lovlar bo`yicha BHMning 50 foizi (122 ming 500 so`m) miqdorida har oyda kompensasiya pul to`lovlari to`lanishi belgilandi.
Bunda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etayotgan ko`chaboshi va uyboshilar faoliyati samaradorligi bir qator asosiy ko`rsatkichlar orqali baholanadi.
Shuningdek, mazkur shaxslar faoliyatini baholashda ular biriktirilgan ko`cha yoki uyda kamida 3 oy davomida faoliyat ko`rsatganligi inobatga olinadi va mezonlardan kelib chiqqan holda 70 balldan yuqori ball to`plagan taqdirda to`lanadi.
️Kompensasiya pul to`lovlari to`lanishi ko`chaboshi va uyboshilar fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etmasa muddatidan oldin to`xtatiladi.
Mazkur kompensasiya pul to`lovlari mahalliy byudjetlarning qo`shimcha manbalari hisobidan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining tuman (shahar) bo`limlari orqali amalga oshiriladi.






