Bu haqda AOKA bo`lib o`tgan brifingda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati rahbari Mo`min Ibodov ma`lum qildi:
Respublikada 2,8 ming ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmi aynan shu korxonalar hissasiga to`g`ri keladi.
️Korxonalarni boshqarishda davlat yaxshi menejer hisoblanmaydi. Ushbu korxonalarning ko`pchiligi samarasiz faoliyat ko`rsatadi, ular davlat uchun qo`shimcha yuk bo`ladi hamda ularga berilgan tarif, soliq va boshqa imtiyozlar sababli ushbu sohadagi raqobat muhitiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Hozirda 541 ta davlat ishtirokidagi korxona aksiya paketlari va ulushlari sotilishi, ulardan 62 tasi bo`yicha xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investisiyaviy jozibadorligini oshirish ishlarini xalqaro va mahalliy konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshirish belgilangan.
Asos - “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmon.
Qolgan korxonalar esa yaqinda qabul qilinishi kutilayotgan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasi” asosida har yili tanqidiy tahlil qilinib, ularni sotish, tugatish yoki qayta tashkil etish bo`yicha takliflar kiritiladi.
Bugungi kunda baholangan qiymatda savdoga chiqarilgan 231 ta ob`ekt sotilmay qolmoqda. Ularning 71 tasi 6 oydan buyon, 47 tasi esa, 1 yildan ortiq muddatda savdoda turibdi.






