So`nggi vaqtlarda amalga oshirilayotgan jiddiy islohotlar qatorida O`zbekiston uchun korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy ahamiyatga ega vazifalardan biriga aylandi. Chunki korrupsiya nafaqat demokratiyaning, umuman har qanday taraqqiyotning kushandasi ekani ma`lum.
Transparency International tashkilotining 2020 yilda e`lon qilgan reytinglariga ko`ra O`zbekiston korrupsiya bo`yicha 26 ball bilan 183 ta mamlakat orasida 146 o`rinni qayd qilgan. Bu achinarli holat albatta.
Albatta, korrupsiya darajasini qisqartirishga turli omillar ta`sir ko`rsatadi. Ularning biri qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining o`zida korrupsion normalarning mavjudligi va bunday normalarning amaliyotga joriy etilishining oldini olishdir.
Shunga ko`ra, joriy yilning 24 fevralida adliya vaziri buyrug`i (ro`yxat raqami – 3287) bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist to`ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tartib joriy etildi.
Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yo`qligi cheklistda aks ettiriladi.
Shu bilan birga, korrupsiyaviy omillar to`liq qayta ko`rib chiqildi hamda huquqni qo`llovchilar va fuqarolarga ularning ma`nosi aniq, lo`nda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib berilyapti.
Jumladan, qonunchilikda asossiz ravishda istisnolar kiritilishini nazarda tutish cheklandi, qabul qilinayotgan norma barcha uchun yagona va umumiy bo`lishi belgilandi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillarga aniq misollar keltirildi.
Endilikda loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazishda jamoatchilik keng jalb qilinadi.
Bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist to`ldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari bo`yicha o`z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.
Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yo`lga qo`yilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida o`tkazilishi belgilandi.
️Hujjatdan ko`zlangan asosiy maqsad korrupsiyaning qonuniylashtirilib olinishiga o`z vaqtida chek qo`yishdir.