AsosiyJamiyat

Endi tez tibbiy yordam mashinalari harakatini onlayn kuzatib borish mumkin

'Endi tez tibbiy yordam mashinalari harakatini onlayn kuzatib borish mumkin'ning rasmi

Tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yo`lga qo`yish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining sohani raqamlashtirish yo`lidagi hamkorlik loyihalari bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.  Jahon banki hamda Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg`armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu ulkan loyihalardan biri chaqiriqlarni to`g`ridan to`g`ri tez tibbiy yordam brigadalariga elektron tarzda etkazish mexanzmidir.  

Xo`sh, ushbu yangi tizimning afzalliklari qanday? SSV Matbuot xizmati ayni savol bilan Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Abdulla Azizovga murojaat qildi.  

— Avvallari chaqiriq xaqidagi barcha axborotlar dispetcher tomonidan qog`ozga tushirilib, so`ng telefon orqali brigadalarni yo`naltiruvchi ikkinchi dispetcherga murojaat qilinardi va u ham ma`lumotlarni qog`ozga qayd etib brigadaga shu to`ldirilgan qog`oz orqali xabar uzatilar edi, — deydi A. Azizov. — Bu jarayon uchun ko`p vaqt talab etilar va ba`zi hollarda tez yordam mashinasi kechikishiga ham sabab bo`lardi.

Endi bu jarayonlar tarixga aylanmoqda. Ya`ni, yangi yaratilgan tizimda bir marotaba olingan ma`lumotlar dispetcher tomonidan elektron tarzda brigadaga to`g`ridan to`g`ri uzatiladi va bu bilan chaqiruvni etkazish vaqti sezilarli darajada kamayishiga olib keldi.

Qolaversa, yangi tizimni ishga tushirilishi bilan:

❗️chaqiriq manziliga eng yaqin bo`lgan bo`sh turgan tez tibbiy yordam brigadasiga xabar uzatish;

❗️tez tibbiy yordam mashinalari harakatini onlayn kuzatib borish;

❗️avval ko`p vaqt talab etilgan statistik ma`lumotlarni bugungi kunda onlayn olish;

❗️shifokor ovozini avtomat shaklda matnga o`girish;

❗️kasalliklarning kunlik, oylik va yillik dinamikalarini kuzatib borish kabi qator imkoniyatlar yo`lga qo`yildi.  

Shuningdek, ushbu yangi tizimda murojaatlarni qabul qilishdan bemorning shifoxonaga joylashtirishgacha bo`lgan barcha jarayonlarni to`liq nazorat qilish imkoniyati bor.

Bundan tashqari, yurtimiz bo`ylab tez tibbiy yordam ko`rsatish xizmatlari tizimida Sall-markazlar tashkil etilib, u erda shifokorlar ham faoliyat yuritmoqda.  

Mutaxassislar lozim bo`lganida bemorlarga “tez yordam” mashinasi etib kelgunicha telefon orqali birinchi yordam ko`rsatish bo`yicha maslahat va ko`rsatmalar berib, bemorning hayotini qutqarib qolishga ko`maklashmoqda.

“103” xizmatiga murojaat qiluvchilarning barchasi ham tez tibbiy yordamga haqiqatda muhtoj kishilar bo`lavermaydi. Ayrim hollarda surunkali hastaligi bor fuqarolar ham bezovtalik his qilsa, tez tibbiy yordamga murojaat qiladi.  

Bunday bemorlar oilaviy shifokorga yoki uyiga yaqin bo`lgan poliklinikaga murojaat qilishi kerak. Bunga sabab bu kabi bemorlarga uning doimiy holatidan boxabar bo`lgan oilaviy shifokori yaxshi maslahat beradi va to`g`ri muolaja ko`rsatadi.  

Tibbiyot rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga nazar soladigan bo`lsak, masalan, Daniyada chaqiriqni tajribali shifokor qabul qiladi .  

Mutaxassis qisqa savollar orqali bemorning holatini aniqlab, zaruratdan kelib chiqqan holda bemorga o`zining oilaviy shifokoriga yoki ushbu hududdagi navbatchi shifokorga yo`naltiradi yoxud bemorga tez tibbiy yordam brigadasini yuboradi. Tez tibbiy yordam brigadasini jo`natgandan navbatchi shifokorni taksida bemorning uyiga jo`natish davlat uchun ancha arzon tushadi.  

Umuman olganda, rivojlangan mamlakatlarda tez tibbiy yordam brigadasi tashrif buyurganda 80 foizdan ortiq holatda bemorlarga shoshilinch ravishda davo choralarini ko`rish uchun shifoxonalarga etkaziladi.  

Bizda esa bu ko`rsatkich 15-25 foizni tashkil etadi.  

Shundan kelib chiqib, aholiga “103” ga haqiqatan tez va birinchi tibbiy yordamga muhtoj, ahvoli og`ir bemorlar bo`lsagina murojaat qilish kerakligini tushuntirish zarur. Shunda tez tibbiy yordam brigadasi yanada tez va sifatli xizmat ko`rsatishiga erishish mumkin.  

Bir so`z bilan aytganda,  keyingi yillarda mamlakatimizda tez tibbiy yordam xizmatini raqamlashtirish orqali ushbu faoliyatning sifat va samaradorligini rivojlangan davlatlardagi darajaga ko`tarishga bel bog`laganmiz.

 

    Boshqa yangiliklar