Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, 2021 yilgi Davlat dasturida nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, nogironlikni belgilash jarayonini soddalashtirishga e`tibor qaratilgan.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 3 fevraldagi “2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to`g`risida”gi Farmonida ilg`or xorijiy tajriba va keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda, 2021 yil 1 iyunga qadar nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi amaliyot joriy etilishi belgilangan:
- muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitasiya texnik vositalari bilan ta`minlash amaliyotini sertifikat berish tizimiga o`tkazib, fuqarolarga o`z tanloviga ko`ra davlat tomonidan beriladigan mablag`lar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitasiya texnik vositalari sotib olish imkoniyatini yaratish;
- nogironlik belgilari aniq ko`rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo`lgan shaxslarni klinik-funksional ma`lumotlarni olishga doir qo`shimcha tekshiruvdan o`tkazmasdan turib, ular nogironligi bo`lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi.
Bundan tashqari, Davlat dasturida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta`lim olishi va kasb egallashiga ko`maklashish, og`ir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qo`llab-quvvatlash fondi tashkil etilib, uning maqsadlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 100 milliard so`m ajratilishi belgilangan.
6-23 oylik bolalar uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutrient kukuni, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan bolalar “A” vitamini, 2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo`yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta`minlanadi. Bunga byudjetdan 28 milliard 870 ming so`m ajratilmoqda.






