27 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali "Oltinsoyning "oltin o`yinlari": Nohaq qamalgan amaldorlar" sarlavhali video material tarqatildi.
Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tuman elektr ta`minoti (sobiq) rahbari S.M va boshqalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
" – Tergov davomida sudning ajrimi bilan S.M.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan. Shaxsning himoya huquqi ta`minlangan.
Jinoyat ishi qo`zg`atilishining qonuniyligi hamda jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan shaxslarga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasining asosliligi o`rganilganda qonun buzilishi holatlariga yo`l qo`yilganligi aniqlanmadi.
Jinoyat ishi tergovi ustidan viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o`rnatilgan.
Ma`lumot tariqasida, S.M muqaddam Jinoyat ishlari bo`yicha Oltinsoy tumani sudining 19.02.2010 yildagi ajrimi bilan JKning 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash)1-qismida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir qilganligi holati bo`yicha Amnistiya akti qo`llanib, jinoyat ishi tugatilgan.
Viloyat prokuraturasi tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, ya`ni ishni har tomonlama, to`la va xolisona o`rganilishiga to`sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo`lishi mumkinligini yana bir bor eslatadi", deyiladi viloyat prokuraturasi , – rasmiy bayonotda.






