AsosiyJamiyat

"Men qonun ustuvor bo`lishini istayman xolos, o`lay agar boshqa maqsadim yo`q" Kusherbaev uni ayblagan Shermatovga javob qildi

'"Men qonun ustuvor bo`lishini istayman xolos, o`lay agar boshqa maqsadim yo`q" Kusherbaev uni ayblagan Shermatovga javob qildi'ning rasmi

Deputat Rasul Kusherbaev Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatovning u haqda bildirgan ayrim fikrlariga munosabat bildirdi. 

"Xalq ta`limi vaziriga hurmatim baland va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Chunki ular horijning nufuzli ta`lim dargohlarida ta`lim olgan, dunyoqarashi keng, bilimli va afsuski  kam sonli ziyolilarimizdan.

Sog`ligim bilan bog`liq muammolar tufayli telefon orqali muloqot qilishni cheklagan vaqtlarim meni qidirgan ekanlar, buning uchun uzr. Albatta hali muloqot qilishga ulguramiz, degan umiddaman.

Men oliy ta`lim muassasasiga bitiruvchilari kira olmaganligi uchun maktab rahbarlarining ishdan bo`shatilishini qonunlar shu jumladan, Mehnat kodeksi talablariga to`g`ri kelmasligini,   bu noto`g`ri strategiya ekani va bu sabab bilan ishdan ketganlar bo`lsa sud orqali muammoni hal qilishi mumkinligini bir intervyuda aytib o`tgandim.

Men qonun ustuvor bo`lishini istayman xolos, o`lay agar boshqa maqsadim yo`q. To`g`risi, bu sabab bilan ishdan ketgan birorta maktab direktoriniyam tanimayman.

Biroq hurmatli vazirimiz meni buning uchun populizm va qator va hokazo masalalarda ayblabdilar.

Agar demokratik davlatlar qatori qonun ustuvorligini ta`minlash va muammoni sud orqali hal qilish populizm bo`lsa unda men emas avvalo qonunlar va Mehnat kodeksi bosh populist bo`lib qolmaydimi? Men "tut prichem" agar qonunlar shunday va kamiga sud, degan  hokimiyatimiz bo`lsa.

Yaqinda demokratik jamiyatlardagidek  o`z sha`nini qonunlarga asosan sud orqali himoya qilishga harakat qilgan Xalq ta`limi vazirligi va ilg`or horij ta`lim dargohi bitiruvchisi, demokrat vazirimiz buni yaxshi bilsalar kerak.

Faqat biror marta deputat, o`qituvchi, maktab direktori bo`lib ko`rmagan ayrimlarning  deputatlarni dushman, deb qarash fikri ba`zan insonni sal chalg`itadi: kim bo`libdi o`zi bu deputatlar?

Men xato o`ylayotgan va fikrlayotgan bo`lsam vazir va butun vazirlik tizimidan, agar ishchanlik obro`siga putur etib qolgan bo`lsa minglab o`qituvchilarimizdan uzr so`rayman. Buning uchun sudni ovora qilib o`tirmaylik.

Biroq baribiri ta`limmi, sog`liqni saqlashmi, huquqni muxofaza qilishmi qo`yingki barcha sohada avvalo qonunlarga so`zsiz rioya qilish, inson huquqlarini ta`minlashni bosh maqsadga aylantirishga amalda to`liq erishmas ekanmiz biz yana ko`p yillar orqada qolishimiz mumkin, degan fikrimdan qaytmayman.

Shuningdek, intervyuda oliy ta`limga o`quvchisi kira olmaganligi uchun maktab direktorlarini ishdan bo`shatish Mehnat  kodeksi va boshqa qonun talablariga zid, bu noto`g`ri strategiya ekanligi  to`g`risidagi fikrlarim asossiz bo`lsa, bunga ham istagan vaqtda raddiya berishga tayyorman. Faqat asoslab berilsa yoki qonunlar o`zgartirilsa bo`ldi.

Har doimgidek bu gaplar odamlarga yoqadimi, yo`qmi bunisi qiziqmas", - deydi deputat.

    Boshqa yangiliklar