Bugun, 1 mart kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi “Uzunbuloq” QFY hududida za`faron o`simligini etishtirish hamda plantasiyalarini tashkil etish, ularni sanoat usulida qayta ishlashning samarali tizimini joriy etish, shuningdek, yuqori qo`shilgan qiymatga ega bo`lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini ko`paytirish maqsadida BMB-OPERA ZAFFERANO O`zbekiston-Italiya qo`shma korxonasi faoliyati misolida ko`rgazmali amaliy seminar tashkil etildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi Axborot xizmati xabar qildi.
Xabar qilinishicha, seminarda Qishloq xo`jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo`jaligi boshqarmalari rahbarlari hamda mutasaddi vakillar ishtirok etishdi.
Tadbirda za`faron o`simligi oziq-ovqat, farmasevtika va parfyumeriya sanoati uchun qimmatbaho xomashyo ekanligi, hozirgi kunda respublika bo`yicha jami 159,3 ga er maydonlarida, shu jumladan O`rmon xo`jaligi tasarrufidagi er maydonlarda 97,3 ga, qishloq xo`jaligi tasarrufidagi er maydonlarda esa 62,0 ga maydonda za`faron plantasiyalari tashkil etilganligi bildirildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o`tkazilgan yig`ilishida “Respublikamizda za`faron plantasiyalarini barpo etish, farmasevtika sanoati ehtiyojlarini ta`minlash va eksportbop dorivor o`simliklarni ko`paytirishni tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida” bayonining 21-bandiga asosan “Za`faron ilmiy tadqiqot markazi” MChJ tashkil etilib, shu yilning o`zida Gollandiyaning “Mts Shipper” kompaniyasidan 36,4 tonna 9-10 kolibrli za`faron tuganak piyozlari O`zbekistonga import qilindi.
-1 gektar plantasiyadan birinchi yilda 2 kg, ikkinchi yilda 4 kg, uchinchi yildan boshlab 6-8 kg gacha za`faron guli xom ashyosi terib olish mumkin. Bir kilogramm quritilgan za`faron guli xom ashyosini tayyorlash uchun 150 mingdan ortiq gullari terib olinishi kerak. 1 dona za`faron gulidan o`rtacha 7 mg quritilgan ziravor olinadi, deydi Qishloq xo`jaligi vazirligi Dorivor va ziravor o`simliklarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig`i A.Axmedjonova. -Za`faron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga to`liq mos bo`lib, uni Farg`ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog` va tog`oldi hududlarida, bog` va tokzorlar qator oralarida, o`rmon hududlarida etishtirish imkoniyati mavjud.
Olib kelingan za`faron tuganak piyozlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Andijon viloyatining Izboskan tumanlarida 36,4 ga er maydonida ekilib, 2018 yilda tashkil etilgan plantasiyalardan 22,7 kg za`faron guli xomashyosi olindi.
Qayd etilganidek, respublikamizning Zomin, Bo`stonliq, Urgut, Kitob, Shaxrisabz va Chortoq kabi tog`oldi tumanlarining har birida 50 gektardan za`faron plantasiyalarini barpo etish vazifasi qo`yildi.
2017-2020 yillar davomida za`faron etishtirish uchun eng yaxshi sifat ko`rsatkichlari Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, hamda Farg`ona viloyatlarining tog`li hududlarida qayd etilgan bo`lib, ushbu hududlarda katta plantasiyalarda etishtirish kun sayin ortib bormoqda. Buning natijasida yuqori qiymatga ega bo`lgan eksportbop mahsulot etishtirish bilan bir qatorda, ushbu viloyatlarning chekka hududlarida minglab mavsumiy yangi ish o`rinlarini yaratish, aholining daromad manbaini kengaytirish imkonini beradi.
Ko`rgazmali seminarda respublikaning tog`oldi hududlarida mazkur noyob o`simlik plantasiyalarini yaratish hamda kengaytirish orqali eksportbop maxsulot ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, aholining daromad manbaini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Za`faron o`simligi haqida ma`lumot
Bu o`simlikni etishtirish va xomashyoni terib olish faqat qo`l mehnati bilan amalga oshirilgani uchun juda qimmatbaho hisoblanadi. Bugungi kunda za`faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o`n beshdan ortiq mamlakatda etishtiriladi.
O`zR FA tizimidagi Botanika instituti va “Za`faron ilmiy-tadqiqot markazi” MChJ olimlari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy izlanishlari asosida O`zbekiston sharoitida za`faron avgust oyining ikkinchi dekadasida ekiladi. Buning uchun tanlangan er maydonlari traktor yordamida tekislanib, 60 sm kenglikdagi qatorlar tortiladi, 9-10 kolibrli tuganak piyozlar bir-biridan 18-19 sm uzoqlikda, 7-15 sm chuqurlikda ekiladi. Bunda, 1 gektar maydonga o`rtacha 1000 kg yoki 90 ming dona saralangan tuganak piyoz sarflanadi. Ekilgandan so`ng piyozlar tuproqqa o`rnashib olishi uchun zaxlatib sug`oriladi.
Ekilgan yilning oktyabr-noyabr oylariga kelib, za`faron gullari yig`ishtirib olinadi. Eng muhim va katta mehnat talab qilinadigan jarayonlardan biri shundaki, yig`ishtirib olingan gullardan shu kunning o`zida zudlik bilan urug`chilari ajratib olinadi, aks holda qurigan guldan urug`chasini ajratib olish qiyin bo`ladi.
Tashkil etilgan za`faron plantasiyalari kelgusi yillar davomida, har bahor va kuz mavsumlarida begana o`tlardan tozalanadi va erlari yumshatiladi, avgust oyida mahalliy o`g`itlar bilan oziqlantiriladi.











