“Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, subsidiyalanadigan avia va temir yo`l qatnovi yo`nalishlarini, avia chiptalar va mehmonxona xizmatlarini subsidiyalash miqdorini belgilash bo`yicha maxsus komissiya tarkibi tasdiqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan quyidagilarga qo`shimcha chegirmalar taqdim etiladi:
➖ aviaqatnovlarga chiptalar 40 foizgacha;
➖ turoperatorlar orqali xarid qilingan temiryo`l chiptalariga 15 foiz;
➖ mehmonxona xizmatlariga 10 foiz.
Mahalliy yashovchining har bir yashagan kuni uchun joylashtirish vositalaridan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig`imning miqdori BHMning 0,4 foizini tashkil etadi.
Turistik tashkilotlarning ishchilari, gidlar (gid-tarjimon), ekskursiya etakchilari va yo`riqchi-yo`l boshlovchilar malakaviy imtihonini o`tkazish 2022 yil 1 martdan amalga oshiriladi.
Aviatashuvlarga subsidiya ajratish Transport vazirligi hamda turoperator va turagentlarga avia va temir yo`l chiptalari hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari xarajatlarining bir qismini qaytarish Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qarorga ko`ra, Buxoro viloyati “Etti pir” ziyoratgohlari yo`nalishida ta`mirtalab 36 km masofadagi ichki yo`llarni ta`mirlash uchun 90,5 mlrd so`m ajratiladi.
2021/2022 o`quv yilidan boshlab xorijiy tillar bo`yicha mutaxassis etishtiruvchi oliy ta`lim muassasalarining 3-4 kurs talabalari uchun ziyorat turizmi bo`yicha o`quv dasturi joriy etiladi.
Shuningdek, “Ipak yo`li” turizm xalqaro universitetida “Madaniy, tabiiy va aralash merosni boshqarish” hamda Buxoro, Samarqand, Farg`ona va Urganch darlat universitetlarida “arxeologiya” mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi.






