AsosiyJamiyat

1 martdan qanday o`qituvchilarga maxsus ustamalar to`lanadi?

'1 martdan qanday o`qituvchilarga maxsus ustamalar to`lanadi?'ning rasmi

1 martdan dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan o`qituvchilarga maxsus ustamalar to`lanish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Ta`lim darajasi yuqori bo`lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan o`qituvchi va pedagoglarni jalb etish to`g`risida Xalq ta`limi vazirining buyrug`i imzolandi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 11 yanvar kuni imzolangan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga ko`ra, 2021 yilning 1 martidan ta`lim darajasi yuqori bo`lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o`qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinishi belgilangan.

 Bunda:

  1.  bir ma`muriy birlik (viloyat) doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  2.  boshqa ma`muriy birlik (viloyat)dan kelib faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to`lanadi.

Shunga muvofiq, Xalq ta`limi vazirligi hamda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikadagi ta`lim darajasi yuqori bo`lmagan maktablar  ro`yxati tasdiqlandi. Vazirlik tomonidan ta`lim darajasi yuqori bo`lmagan umumta`lim maktablari bo`sh ish o`rinlariga (vakant dars soatlari bo`yicha) boshqa hududlardan o`qituvchilarni ishga qabul qilish sxemasi ishlab chiqildi. Bo`sh ish o`rinlari to`g`risidagi ma`lumotlar bilan ish.uzedu.uz cayti orqali tanishish mumkin.  

Shuni alohida qayd etish lozimki, umumta`lim maktablarda o`qituvchilarni ishga olish tartibi  soddalashirilib, shu vaqtga qadar o`qituvchilarni ishga qabul qilishda tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limi tomonidan amalga oshiriladigan qo`shimcha buyurokratik tartiblar bekor qilindi hamda ishga qabul qilish maktab rahbarining vakolatiga o`tkazildi.

Shu bilan bir qatorda, ta`lim darajasi yuqori bo`lmagan umumta`lim maktablariga boshqa hududlardan ishga qabul qilish uchun bo`sh ish o`rinlariga ikki va undan ortiq nomzodlar talabgor sifatida hujjat topshirgan hollarda maktablardagi tanlov komissiyasi tomonidan saralab olinadi.

Eslatib o`tamiz, hududlardan jalb qilingan o`qituvchilarga maxsus ustamalar to`lanish tartibi joriy o`quv yilida amal qiladi. Joylarda o`qituvchi-pedagoglar va jamoatchilikning takliflarini inobatga olgan holda yangi o`quv yilidan jarayon takomillashtirib boriladi.

    Boshqa yangiliklar