Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan Oliy Majlis Senati Raisiningbirinchi o`rinbosarining aholi qatlamlarida 10 milliard dollar atrofidagi pul “yostiq ostida” ijtimoiy samara keltirmay yotganligi haqidagi fikri juda ko`p munozaralarga sabab bo`lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari tomonidan senator fikri noto`g`ri talqin qilinib, turli-tuman izohlar bildirilmoqda. Vaholanki, Senat a`zosi o`z so`zida bank va moliya bozorlarimizning bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermasligi oqibatida, birinchi navbatda aynan o`sha oddiy xalq daromaddan “quruq” qolayotganligini aytgan.
Boringki, o`sha 10 milliard dollarning barchasi amaldoru boyvachchalar qo`lida yoki “yostig`ini ostida” yig`ilib qolgan taqdirda ham, ularni foizu daromadlar bilan qiziqtirib, bu pullarni real iqtisodiyotga jalb etish mamlakat bank-moliya tizimining vazifasi emasmi?! Axir, bu pullar real iqtisodiyotda aylansa, ming-minglab ish o`rni yaratilib, o`sha oddiy xalqning foydasiga xizmat qilmaydimi?..
O`zimizda milliardlab pul (valyuta) “yostiq ostida”mi, “sandiqlarda”mi, “qutilarda”mi, “shisha bankalarda”mi, qaerda bo`lmasin - iqtisodiyotda aylanmay, “po`panaklab” yotsayu, biz xorijliklardan investisiyalar, qarzlar, kreditlar so`rab yursak, qaysi mantiqqa sig`adi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi lavhalardan birida ko`zim tushdi – bir odam yostig`ini ko`tarib, uni tagida bir necha tangasi borligini ko`rsatib, senator fikrini “mazax” qilyapti. Vaholanki, u avvalo, o`zini, qolaversa, butun xalqni mazax qilayapti. Chunki agar bank tizimimiz, moliya bozorlarimiz jahon andozalariga mos ishlab, odamlarni o`sha “bir tanga”sini ham o`z ixtiyorlari bilan real iqtisodiyotga juda qisqa muddatlarga bo`lsa ham qo`yishdan manfaatdor qila olganda edi, mamlakatimizda “kambag`allik” darajasi keskin tushib ketgan bo`lardi.
Muxtasar qilib aytganda, bildirilayotgan fikrlarni to`g`ri tushunib, xulosa qilsak, maqsadga muvofiq bo`lardi.
Zamir XOLMAXMEDOV,
iqtisod fanlari nomzodi, dosent.






