Yanvar-fevral oylarida 4000 ga yaqin fuqaro ishlash uchun xorijga jo`nab ketgan. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan pandemiya sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni turli xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish bo`yicha amaliy choralar ko`rilmoqda.
Buning natijasida Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston Respublikasi, Janubiy Koreya va BAA ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida O`zbekiston fuqarolarini ushbu davlatlarga ishga jalb qilish bo`yicha kelishuvga erishilgan edi.
Ushbu davlatlar ish beruvchilari va mas`ul tashkilotlar bilan kelishgan holda ko`plab fuqarolarimiz vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilmoqda.
Natijada joriy yilning yanvar-fevral oylarida Rossiya Federasiyasiga 3209 nafar, Qozog`iston Respublikasiga 488 nafar, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 nafar, Koreya Respublikasida ishlash vaqtida mehnat ta`tili olib O`zbekistonga kelgan fuqarolardan 101 nafari vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborildi.
Yurtdoshlarimiz belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda turli ob`ektlarda ish boshlaydi.






